Tanzila Narbayeva Xitoy elchisi bilan uchrashdi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
2023-yil 4-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan xonimni qabul qildi.
Ikki mamlakat rahbarlarining chuqur oʻzaro anglashuv va yaqin munosabatlari Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarning doʻstona va strategik xarakterini belgilab bergani alohida taʼkidlandi.
Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarga toʻxtalib, bugungi kunda aloqalarimiz rivojlanish choʻqqisida ekani, hamkorlik oʻzaro hurmat va oʻzaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini alohida qayd etdi.
Oʻz navbatida Szyan Yan Oʻzbekiston rahbariyatiga bildirilgan yuksak ishonch va diplomatik missiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun qulay muhit yaratilgani uchun minnatdorlik bildirib, bundan keyin ham Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini aytib oʻtdi.
Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama hamkorlik, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, tomonlar davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlar rolini oshirishga qaratilgan konstruktiv yondashuvni hamda yuqori darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati taʼminlanishini toʻliq qoʻllab quvvatlashini bildirdilar. Parlamentlararo hamkorlik guruhini faollashtirish hamda ikkala davlat parlament delegatsiyalarining muntazam oʻzaro safarlarini yoʻlga qoʻyish borasida yakdillik bildirildi.
Uchrashuv yakunida Szyan Yanning davlatimizdagi diplomatik missiyasi davomida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga qoʻshgan hissasi eʼtirof etilib, kelgusida ham ikki davlatning oʻzaro munosabatlarini rivojlantirishda tizimli hamkorlik davom ettirilishi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring