Tanlov, tender, auksion va boshqa elektron tarzda oʻtkaziladigan savdolarda raqobatni cheklash harakatlariga barham beriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasi 9 ta bob, 52 ta moddadan iborat. Loyiha bilan amaldagi “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonunlar birlashtirilmoqda.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalarini raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi belgilanmoqda, Monopoliyaga qarshi komplayens instituti kiritilmoqda, davlat koʻmagi koʻrinishlari va ularni taqdim etishga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ommaviy savdo tushunchasi kiritilib, nafaqat tanlov va tender, balki auksion va boshqa elektron tarzda oʻtkaziladigan savdolarda raqobatni cheklash harakatlariga barham berish choralari koʻzda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan raqobatga qarshi kelishuv va oʻzaro muvofiqlashtirilgan harakatlar uchun javobgarlikni yengillashtirish asoslari oʻz aksini topmoqda, moliyaviy jarimalar kiritilishi munosabati bilan iqtisodiy konsentratsiyaga va tanlov (tender) yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish harakatlari hamda raqobatga qarshi harakatlar uchun maʼmuriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda.
Xalq vakillari taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi raqobatbardoshlikni oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish hamda eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga asossiz ravishda eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar, preferensiyalar berishning oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring