Taʼlimning koʻrinmas tayanchi

20:04 16 Aprel 2026 Jamiyat
181 0

Bugun koʻpchilik davralarda pedagogika faniga nisbatan ikkinchi darajali, hatto “yordamchi” fan sifatida qarash holatlariga duch kelyapmiz. Hatto tajribali, koʻpni koʻrgan ayrim ziyolilarimiz tomonidan ham “Pedagogika boʻyicha dissertatsiyalar soni haddan tashqari koʻpayib ketdi, bu – sohaning sayozligi alomati”, degan fikrlar yangrab qolmoqda. Albatta, bunday qarashlar nafaqat adolatsiz, balki ilm-fanning oʻziga xos tabiatidan bexabarlikdan ham dalolat beradi.

Chunki pedagogika boshqa fanlardan farqli ravishda oʻqitishning nazariy va metodik asoslarini toʻliq qamrab oladi. Masalan, bundan oʻn yil oldin bolalarni oʻqitish uslubi bilan bugungisi bir xil emas. Hozirgi yosh avlod axborot oqimi orasida oʻsib ulgʻaymoqda, ularning tafakkur tarzi, diqqatni jamlash qobiliyati, hatto xotirasi ham avvalgi avlodlardan farq qiladi. Ana shu oʻzgarishlarga mos oʻqitish yoʻllarini izlash, yangi metodikalarni tayyorlash, sinab koʻrish ilmiy ishdir.

Hech bir aniq fan oʻz metodikasisiz rivojlana olmaydi. Deylik matematika oʻqitishda yosh talabaga murakkab formulalar, modellar, koʻrgazmali tajribalar yordamida tushuntirish bilan oddiy doska va boʻr bilan soʻzlab berish oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Demak, har bir fanning oʻz metodikasi, oʻz oʻrgatish yoʻli, oʻz tushuntirish yoʻrigʻi bor. Ana shu yoʻrigʻni ilmiy jihatdan asoslab berish, tajribada sinovdan oʻtkazishni aynan pedagogika ilmi bajaradi. Shu maʼnoda, pedagogikasiz hech bir fan toʻliq boʻla olmaydi.

Ilmiy institutda ishlayotgan tadqiqotchi oʻz izlanishining metodikasini bilmasa, qaysi usuldan, qaysi ketma-ketlikda foydalanishni anglamasa, uning ishi natija bermaydi. Har bir tadqiqotchi avval “Mening tadqiqotim metodikasi qanday boʻlishi kerak?” degan savolga javob izlaydi. Bu savol ham mohiyatan pedagogik savoldir. Chunki tadqiqot metodikasini shakllantirish – metodika ilmining tarmoqlaridan biridir. Demak, har qanday fan, hatto eng “aniq” va “murakkab” deya hisoblangan soha ham metodik asoslarsiz rivojlana olmaydi.

Pedagogika bilan jiddiy shugʻullanish oson ish emas. Haqiqiy pedagogik tadqiqot uchun olim ham psixologiya, ham sotsiologiya, ham oʻz oʻrgatayotgan sohasining mohiyatini bilishi kerak. U oʻquvchining qanday oʻylashini, nimadan qachon charchashini, qanday misol keltirilsa yaxshiroq anglashini bilishi shart. Shuning uchun bir guruh kasbdoshlarimdan iltimos qilmoqchiman: pedagogika bilan shugʻullanayotganlarni chetlashtirish oʻrniga, aksincha ularni qoʻllab-quvvatlaylik.

Har bir fan jumladan, matematika va pedagogika oʻzining metodikasisiz bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Olim esa avvalo, oʻz sohasida yangilik yaratish bilan birga, bu yangilikni keyingi avlodga qanday yetkazish haqida ham oʻylaydi. Aynan shu nuqtada pedagogika ilmi bilan boshqa fanlar bir-birini toʻldiradi, bir-biriga kuch beradi. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda bu soha dasturi amal deb hisoblaymiz. Chunki hayot oʻz haqiqatini koʻrsatadi: hech bir jamiyat oʻz oʻqituvchilarisiz, oʻz metodikasisiz, oʻz pedagogik ilmisiz rivojlana olmaydi.

Rizamat SHODIYEV,

Qarshi davlat universiteti professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?