Taʼlim sohasidagi uzviy hamkorlik

14:45 26 Avgust 2022 Jamiyat
965 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari uzviy tarza rivojlanib bormoqda. Mamlakatlarimizning fan va taʼlim sohasidagi hamkorligi ham koʻp yillik tarixga ega. Xususan, germaniyalik olimlar, ilmiy doira vakillari azaldan Vatanimiz tarixi, milliy urf-odat va anʼanalariga katta qiziqish bilan qaragan. Oʻz navbatida, yurtimiz keng jamoatchiligi ham Germaniyaning oʻtmishi va zamonaviy rivojlanish yoʻli, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini oʻrganishga alohida ahamiyat bergan.

Mamlakatimizda taʼlim va ilm-fan sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, jumladan, yoshlarning xalqaro meʼyorlar asosida bilim olishi uchun yaratilayotgan qulay sharoit, ilmiy-tadqiqot loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami Germaniyada katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu esa oʻz navbatida ikki tomonlama madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning yangi bosqichini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti va Germaniya Federativ Respublikasining Leybnis nomidagi Gannover universiteti oʻrtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan akademik almashinuv dasturi doirasida mazkur xorijiy universitetning 2 nafar professor-oʻqituvchisi hamda 19 nafar talabasi OʻzMUning “Chorvoq” oʻquv-dala amaliyot bazasida oʻquv-dala amaliyotda boʻldi.

Interfaol tarzda oʻtkazilgan 5 kunlik amaliyot davomida xorijiy ishtirokchilarga tuproq va suvdan barqaror foydalanish, Markaziy Osiyodagi yaylov chorvachiligi va sugʻorma dehqonchilik va global (global iqlim oʻzgarishlari, global oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini oʻrganish va ularning yechimiga oid koʻnikmalar berildi.

Shuningdek, ishtirokchi oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻrtasida sohani rivojlantirish imkonini beruvchi madaniyatlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini joriy etish borasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot uchun: Leybnis nomidagi Gannover Universiteti Germaniya Federativ Respublikasi oliy taʼlim tizimining yetakchi universitetlaridan biri boʻlib, Times Higher Education xalqaro reyting agentligi tomonidan 401-500 oʻrin Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentligi tomonidan 601-650 oʻrinda joylashgan.

Ushbu tashrif doirasida – Leybnis nomidagi Gannover universiteti Tabiiy fanlar fakulteti Tuproqshunoslik instituti direktori, professori Guggenberger Georg Anton hamda Tabiiy fanlar fakulteti Tuproqshunoslik instituti professori Shibistova Olga Borisovna universitet Geografiya va tabiiy resurslar fakultetining talaba, magistrant va doktorantlarga “Tabiiy geografik tadqiqot metodlari” fanidan mustaqil taʼlim soatlari doirasida maʼruza va amaliy mashgʻulotlar olib borishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, landshaft va dizayn mutaxassisligida 3 diplomli qoʻshma taʼlim dasturini (Leybnis, Yamagata va Milliy universitetlar hamkorligida) 2022-2023-yillarda ochishga kelishib olindi.

Raima SHIRINOVA,

Oʻzbekiston Milliy universiteti

Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor,

filologiya fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер