Taʼlim poydevori bogʻchada shakllanadi
Xalqimiz bolajon, oʻzining butun orzu-umidlarini zurriyodining tarbiyali, bilimli, bir soʻz bilan aytganda, komil inson boʻlib ulgʻayishi bilan bogʻlaydi. Jajji oʻgʻil-qizlarning jamiyatga qoʻshilishida tarbiyaning ilk bosqichi – maktabgacha taʼlim tashkiloti, xalq tili bilan ifodalaganda, bolalar bogʻchalarining oʻrni beqiyos. Oxirgi yetti yilda bu tizimda qamrov darajasi 27 foizdan 74,6 foizga koʻtarilgani eʼtirofga molik.
Men shunday ulugʻ dargohda qariyb qirq yildan buyon mehnat qilib kelayotganimdan faxrlanaman. Faoliyatimning dastlabki yillaridanoq maktabga tayyorlash guruhi tarbiyalanuvchilari bilan shugʻullanishni tanladim. Bu boshqa guruhlarga nisbatan anchayin masʼuliyatli. Sabogʻingizni olgan kichkintoylar birinchi sinf partasiga oʻtirish arafasidayoq alifbo harflarini bemalol oʻqiydigan, sanoqni, hatto koʻpaytirish jadvalini yoddan biladigan darajada boʻlishi talab etiladi. Ayni vazifaning uddasidan chiqmoq uchun tarbiyachi muallimda sabr-toqat, har bir tarbiyalanuvchi bilan erinmasdan ishlash qobiliyati toʻkis boʻlmogʻi lozim.
Oʻtgan yillar davomida mingga yaqin bolajonlarni maktabga yoʻnaltirdim. Har gal ularni qabul qilib olgan boshlangʻich sinf oʻqituvchisidan iliq soʻzlarni eshitganimda, “Xayriyat, mehnatlarim bekor ketmabdi” deya yayrab ketaman. Bogʻchada harf tanib, maktabda oʻqishni qoyillatgan va hayotda munosib oʻrin topgan shogirdlarimning muvaffaqiyatlari kuchimga kuch qoʻshadi. Keyingi paytlarda tayyorlov guruhida rus tili saboqlarini ham yoʻlga qoʻydik. Bolalar mashgʻulotlar davomida oʻzbek tili barobarida ruscha atamalar, harflarni bir-biriga urishtirib, soʻz yasash koʻnikmalarini oʻzlashtirgan holda maktabga bormoqda. Bogʻchadayoq tarbiyalanuvchilarning koʻpchiligi kundalik hayot darajasida muloqot qilishga muvaffaq boʻladi.
Faoliyatim mobaynida ellikdan ziyod shogirdlar tayyorlashga erishdim. Ular maktabgacha taʼlim tashkilotlarida boshqalarga oʻrnak koʻrsatib ishlamoqda.
Koʻpchilik taʼlimning poydevori maktabning boshlangʻich sinfida qoʻyiladi, degan fikrga oʻrgangan. Zamon oʻzgarishi barobarida bolajonlar bu bosqichni bogʻchadayoq oʻtamoqda. Maktabgacha taʼlim muassasalarida muallimlikning uddasidan chiqayotgan mutaxassislar soni tobora koʻpaymoqda. Ana shular qatori ota-onalar ishonchini qozonayotganim, mehnatlarim mevasini berayotganidan hamisha oʻzimni baxtiyor his etaman. Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami arafasida Prezidentimizning Farmoniga koʻra, yuksak davlat mukofotiga loyiq koʻrilganim uzoq yil toʻkkan peshona terim, izlanish va intilishlarim eʼtirofi sifatida qalbimni behad quvonchga toʻldirdi.
Zamira AHMEDOVA,
Chust tumanidagi 35-maktabgacha
taʼlim tashkiloti tarbiyachisi,
“Doʻstlik” ordeni sohibasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring