Talabalar Norin GESga ishga kirdi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Fan va amaliyot uygʻunligi oliy taʼlim muassasasida oʻzlashtirilayotgan nazariy koʻnikmalarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi. Bitiruvchi talabalarning koʻpchiligi bunday pallada boʻlajak mehnat jamoasini ham tanlab oladi.
Namangan muhandislik qurilish instituti energetika fakulteti uchinchi bosqichini tugallagan 27 nafar talabaning Uychi tumanida barpo etilayotgan Norin GES kaskadlari qurilishida oʻtkazgan bir oylik mehnat amaliyotida bu oʻz isbotini topdi.
— Talabalar barpo etilayotgan maʼmuriy bino, yotoqxona va boshqa inshootlar qurilishida oʻz bilimlarini payvandlash, tarmoqlarni montaj qilish ishlarida sinovdan oʻtkazdi, — deydi elektr energetikasi kafedrasi mudiri Farhod Sharipov. — Ularga qulay mehnat sharoiti yaratilib, belgilangan miqdorda maosh toʻlandi.
Eʼtiborli jihati, amaliyotchi talabalardan oʻn nafari doimiy ravishda GESda ishlashga qaror qilib, oʻqishni sirtqi boʻlimga koʻchirdi. Bitiruvchi bosqich taʼlimini bevosita ishlab chiqarishning oʻzida oʻtaydigan bu yigitlar yillik quvvati 228 MVt boʻlgan GES bitkazilishi bilan uning dastlabki mutaxassislariga aylanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring