Talaba qiz Sirdaryodan Xorazmgacha piyoda bordi(mi?)
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti uchinchi bosqich talabasi Sitora Yoʻlchiyeva oʻtgan yozning bir necha oyi va kuz boshida muntazam ravishda Gulistonning toʻrtinchi mavzesidan markazigacha yayov borib-keldi. Agar bu yurish jami hisoblansa, deyarli Sirdaryodan Xorazmgacha boʻlgan masofaga teng boʻladi. Ayni kunlarda esa poytaxtdagi turar-joyidan universitetga ana shu zaylda qatnamoqda. Telefonidagi maxsus dastur oʻlchoviga koʻra kuniga 13 ming qadam yoʻl bosayotir. Bu taxminan 10 kilometr degani. Albatta, har kim uning piyoda yurishini talaba boʻlganligi vajidan deb oʻylashi mumkindir. Ammo sabab unda emas. Bilishimizcha, Sitora ham oʻqib, ham universitetda ishlamoqda. Qolaversa, ota-onasi ham uni moddiy jihatdan yetarli darajada taʼminlab turibdi.
— Piyoda yurish orqali bir necha natijaga erishilar ekan, — deydi Sitora Yoʻlchiyeva. — Yaʼni bir vaqtning oʻzida ham manzilga yetasiz, ham jismoniy tarbiya mashqini bajarasiz. Kun boʻyi xushkayfiyat va tetiklik hamrohingiz boʻladi. Bir kuni Gulistonda ketayotsam yoʻlakka yondosh avtoyoʻldan mashina signali eshitildi. Qarasam — togʻam. “Kel, oʻtir, tashlab qoʻyaman” dedilar. Nailoj, mashinaga mindim. Ammo kunlik tartibim buzilmasligini oʻylab, bir bekat masofadan soʻng “Yetib keldim, togʻa, meni shu joyda qoldiring” dedim. Va tushdim-da vaqtim borligini bilib, mashinaga oʻtirgan haligi manzilga yana qaytib, oʻsha yerdan yayov yurishni davom ettirdim...
Sitora taʼtil davrida vaqtdan foydalanishda yana bir qoʻsh natijaga erishdi.Biri shahardagi oʻquv markazida oʻqib, “Uy hamshirasi” sertifikatini olgani boʻlsa, ikkinchisi tajribali jurnalistlar huzurida amaliyot oʻtaganidir.
Talaba qiz “Hademay yayov bosgan masofamni Yer sharini aylanib oʻtish darajasiga yetkazaman va piyoda yurishni kundalik qatʼiy tartib sifatida umrim boʻyi saqlab qolaman” deydi.
Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring