Tayyor boʻlsak qish ziynatli...
Ayni kunlarda Respublika Energetika vazirligining maxsus shtabi ishchi guruhi mamlakatimiz hududlarida sohada olib borilayotgan ishlarni tahlil qilish, hududlarda aholi va sanoat korxonalarini 2020-2021-yillarda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda koʻmir bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatida boʻlib turibdi.
Mazkur oʻrganish doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Ulugʻbek Mustafoyev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda “Navoiy HETK” AJ iqtisodiy samaradorligiga va past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish hamda qurilish-montaj ishlarining tannarxini pasaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Xususan, “Navoiy HETK” AJ tomonidan tashkil etilayotgan yiliga 20 ming dona temir-beton tayanchlar ishlab chiqarish quvvatiga ega zavodning iqtisodiy samaradorligi, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash guruhi, transformatorlar taʼmirlash va metall konstruksiyalar ishlab chiqarish sexlarining faoliyati hamda jamiyatning qurilish-montaj brigadasi tomonidan bajarilgan ishlar muhokama etildi.
Korxonada davlat va shartnomaviy xizmatlar koʻrsatish sohasini jadallik bilan rivojlantirishga va shuning hisobiga tushgan mablagʻlarga ishchi-xodimlarning moddiy taʼminotini yaxshilashga, jamiyatning moddiy texnika bazasini rivojlantirishga hamda bino inshootlarni yangilashga qaratilishini taʼkidladi. Bundan tashqari, isteʼmolchilardan kelib tushgan barcha murojaatlar tahlil qilinib, aholini tashvishga solib kelayotgan bir qator masalalar joyida hal etildi.
Oʻrganishlar doirasida boshqaruv raisi viloyat markazidan 250 km uzoqlikdagi Tomdi tumanida boʻlib, hududda mehnat qilayotgan xodimlarning ish sharoitlari, aholi va tadbirkorlik subyektlarning elektr energiyasi taʼminoti masalalaridagi murojaatlari tahlil qilindi.
Energetika vazirligi maxsus shtab aʼzolari kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz yoqilgʻisi bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha viloyatda amalga oshirilgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdilar.
Oʻrganish rejasiga asosan ishchi guruh aʼzolari iqtisodiyot tarmoqlariga ham tashrif buyurishdi. Xususan, «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filialiga qarashli “Navbahor” gaz toʻldirish shoxobchasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasidagi amaliy ishlar tahlil etildi.
Taʼkidlash joiz, oylik quvvati 665.6 tonna boʻlgan mazkur gaz toʻldirish shaxobchasi orqali viloyatning Karmana, Navbahor, Konimex va Qiziltepa tumanlari aholisiga bir oyda 520 tonna suyultirilgan gaz tarqatiladi. GTPning kunlik gaz tarqatish quvvati esa 27.7 tonnadan iborat. Mazkur shoxobchada olib borilayotgan ishlar sifati, xavfsizligi, shuningdek xodimlarning mehnatini muhofaza qilish borasidagi tadbirlar, ular uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud transport vositalarining texnik sozligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda Navoiy viloyati boʻyicha jami suyultirilgan gaz isteʼmolchilari soni 97 118 nafarni tashkil qilib, shundan 90 088 nafar isteʼmolchiga shartnoma asosida gaz ballon yetkazib beriladi. Qolgan 7030 nafar isteʼmolchi esa GPU, yaʼni gaz quvurlari orqali (tabiiy gaz koʻrinishida) suyuq gazdan foydalanadi.
«Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali tomonidan viloyat isteʼmolchilariga 2020-2021-yil kuz-qish mavsumi davrida yetkaziladigan suyultirilgan gaz rejasiga koʻra, isteʼmolchilarga 2020-yilning toʻrtinchi choragida 7859 tonna, 2021-yilning birinchi choragida esa 3824 tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Mazkur fond har bir tuman va shahargaz gaz taʼminoti boʻlimlariga isteʼmolchi soniga qarab ajratiladi va maishiy gaz ballonlar ham shunga koʻra taqsimlangan.
- Viloyatning Uchquduq, Tomdi, Nurota va Konimex tumanlaridagi suyultirilgan gaz isteʼmolchilari, asosan, choʻllik yerlarda istiqomat qiladi. Kuz-qish mavsumida ushbu hududlarga gaz ballonlarni vaqtida yetkazish muayyan murakkabliklarni tugʻdirishi, tabiiy. Buning oldini olish maqsadida filialga qarashli transport vositalarining sozligi, maishiy gaz ballonlarning toʻliq yaroqli ekanligini muntazam nazoratga olish koʻzda tutilgan, - deydi filialning suyultirilgan gaz boʻlimi muhandisi Ulugʻbek Nurimov. - Aytish kerak, joriy yilning sentyabr oyida suyultirilgan gaz yetkazib berish rejasi 1272,25 tonnani tashkil etib, ular filialga qarashli gaz ballonlar tashuvchi, oylik quvvati 1 478,0 tonna boʻlgan 30 ta transport vositasida viloyat isteʼmolchilariga oʻz vaqtida yetkazilmoqda.
— Tumanimizda ayni vaqtda suyultirilgan gaz yoʻnalishida hech qanday murojaatlar boʻlgani yoʻq, - deydi Qiziltepa tumani hokimligi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Umar Rahmonov. -Soha xodimlari aholiga maishiy gaz ballonlarni oʻz vaqtida yetkazishmoqda. Yaqinda «Gʻardiyon» mahallasida tuman gaz taʼminoti xodimlarining gaz ballonlarini tong sahardan tarqatayotganini koʻrib, ular uchun ish soati emas, unumi muhim ekanligidan tuman faoli va bir isteʼmolchi sifatida xursand boʻldim.
Kuz-qish mavsumi barcha kommunal tarmoqlar singari gaz taʼminoti tizimi uchun ham sinovli palla hisoblanadi. Shu bois, filial, uning barcha shahar va tumangaz boʻlimi masʼul xodimlari mavsumni betalafot oʻtkazish maqsadida maishiy gaz ballonlardan xavfsiz foydalanish boʻyicha aholiga tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring