Tadbirkorning biznes-rejasini amalga oshirishga nima toʻsqinlik qilmoqda?

17:25 07 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
977 0

Oramizda izlanuvchan, oʻz tashabbus va saʼy-harakati bilan mahalla-koʻyga, elu yurtga nafi berishni oʻylagan insonlar kam emas. Muhimi, ularning gʻoya va tashabbuslari, fikrlari rivojlanishga xizmat qilishi mumkin. Faqat ularni eshitish, zarur boʻlsa, loyihalarini qoʻllab-quvvatlash kerak.
Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston tumani, Pastqi qoʻriq mahallasida yashovchi Otabek Azimov — shunday insonlardan biri. Uning fikrlari taklifi ham oʻziga xos. Shu bois, qolaversa, ezgu maqsaddagi bir insonning tashabbusi mutasaddilar eʼtiborini tortar, degan maqsadda uni chop eʼlon qilishni joiz topdik.

— Oilaliman, turmush oʻrtogʻim bolalar shifokori. Ikki nafar farzandim bor, — deydi u. — Qizim oliy maʼlumotli — ingliz tili oʻqituvchisi, oʻgʻlim esa talaba. Tadbirkorman, avtoustaxonam bor. Tadbirkorlikni kengaytirish maqsadida, yaʼni boshlanishida 15-20 kishini ish bilan taʼminlab, uyimizga yaqin joydagi shifer zavodi chiqarib tashlagan chiqindini qayta ishlab, undan shlakoblok, cherepitsa, bruschatka, azbest quvurlar qurilish mahsulotlari hamda obodonchilikda ishlatiladigan har xil oʻlchamdagi kichik lotokchalar ishlab chiqarishni rejalashtirganman. Ayrimlarini tayyorlab, chidamliligini sinovdan oʻtkazganman. Menga qoʻl keladigan asosiy xom ashyo — shifer chiqindisi bepul. Boshqa ayrim kerakli xom-ashyo va eng muhimi, yangi dastgohni oʻzim yasayman, chizmalari tayyor. Agar, menga banklar 50 000 000 (ellik million) soʻm kredit ajratishsa, shaxsan oʻzim talab etilgan ehtiyot qismlaridan mahsulot chiqaradigan uskunani yasayman va ishga tushiraman. Hozircha bunday uskuna Oʻzbekistonda mavjud emas. Xom ashyo — shifer chiqindisi esa barcha shifer zavodlarida uyulib yotibdi.

Keltirilgan qoʻshimcha daromad hisobidan 6 oy muddatda oʻsha kreditni qaytarib topshirishga kafolat beraman. Ishlab chiqarilgan maxsulotlarning sifati davlat standartlari talablariga javob berishiga ishonaman.

Tuman va viloyat banklaridan kredit soʻradim, ammo najot boʻlmadi. 5-10 mln. soʻm beramiz, deyishdi. Bu meni qanoatlantirmaydi. Ishonaman, kelajakda ishim yurishadi va shifer ishlab chiqarish korxonalari chiqindilarini oʻsha joylarda oʻzim ishlab chiqqan dastgohlarni oʻrnatib, sexlar ochib, tadbirkorlik ishi faoliyatini davom ettiraman. Bir qancha odamlarni ish bilan taʼminlayman va arzon, chidamli mahsulotlar ishlab chiqarib, xalqimga xizmat qilaman.

Izoh: yuqoridagilar shaxsiy fikrlar, albatta. Har qanday mahsulot yoki uskuna ishlab chiqarishning ham oʻziga xos talablari mavjud. Lekin, shu bilan birga, har qanday ezgu tashabbusni qoʻllab-quvvatlash ham zarur. Binobarin, katta ixtirolar ham, avvalo, gʻoyalar asosida vujudga keladi. Shu jihatdan yurtdoshimiz Otabek Azimovning gʻoyalari ham nimadir rivojiga, aytaylik, ichki bozorni sifatli qurilish materiallari bilan boyitishga xizmat qilishi mumkin.
Maqsadimiz bu borada masʼul tashkilotlar, xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi yoki hududiy hokimliklar masʼullari eʼtiborini qaratish, xolos.

Abulqosim MAMARASULOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер