Tadbirkorni bankrot qilgan “sharoit”
Termiz shahridagi “Maʼrifat” mahallasida joylashgan “Gulbahor nurli kelajak” MCHJ rahbari Dilafruz Karimova 2011-yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib, 10 nafardan ortiq jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni ish bilan taʼminlab kelmoqda.
Biroq, tadbirkor va nogironlarning ishlashi uchun alohida binoga ehtiyoj tugʻiladi. Chunki nogironlarning ishlashi uchun alohida sharoitlar talab etiladi. Bunday sharoitning yoʻqligi esa tikuv sexi faoliyatining toʻxtab qolishiga sabab boʻlgan.
Dastlab, tadbirkor alohida binosi yoʻqligi uchun bir necha marta boshqa joylarga koʻchib, sarson boʻlgan. Oqibatda uning 71 mln. soʻmlik texnologiyalari yaroqsiz holga kelgan. Har gal yangi koʻchgan binolarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun 50 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ sarflagan va bankrotlik holatiga kelib qolgan.

Oʻzining ham savobli, ham ijtimoiy foydali ishlarini davom ettirish maqsadida oʻtgan yilning dekabrida tadbirkor ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam soʻrab murojaat qilgan.
Ushbu holat viloyat prokurori tomonidan zudlik bilan oʻrganilib, Termiz shahridagi Maʼrifat mahallasida joylashgan bino tadbirkorning balansiga oʻtkazib berilishi va uning atrofi toʻliq obodonlashtirilishi hamda taʼmirlanishiga amaliy yordam koʻrsatildi.
Hozirgi kunda tikuv sexining faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilib, qoʻshimcha ravishda yana 20 nafar nogiron uchun ish oʻrini yaratildi.
Rahim ShERQULOV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring