Tadbirkorlar faoliyatiga toʻgʻonoq boʻlayotgan muammolar oʻrganilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Bugungi kunda Namangan viloyatida qariyb 36 mingga yaqin kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning 2,5 mingga yaqini joriy yilning olti oyi ichida roʻyxatdan oʻtgani eʼtiborga olinsa, oʻzining ish yuritish salohiyatini harakatga keltirish istagidagi yurtdoshlarimiz safi anchagina keng ekanligi namoyon boʻladi. Buni, birinchi navbatda, joylarda qulay tadbirkorlik muhiti, xususan, zarur infratuzilma yaratilganligi, istiqbolli loyihalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganligi bilan bogʻlasa toʻgʻri boʻladi. Shu oʻrinda ayni paytda viloyat yalpi hududiy mahsulotida tadbirkorlik subyektlarining ulushi 75 foiz, aholi bandligida 83 foizda toʻgʻri kelayotganligi imkoniyatlar koʻlami, ayni yoʻnalishlarda marralarni yanada kattaroq olishga asos boʻladi.
Maʼlumotlarga qaraganda, Biznes Ombudsmanning viloyat shubasiga joriy yilning oʻtgan davrida tadbirkorlik subyektlaridan 411 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 359 tasi yoki 80 foizi ijobiy hal etilgan. Bundan biznes egalari faoliyat bilan bogʻliq muammolar hali hamon uchrab turgani ayon boʻladi. Oʻrganishlar va monitoring kuzatuvlari tahlilidan kelib chiqib, 136 ta taʼsir chorasi qoʻllanilgan va qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻygan 122 mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, bir qator tashkilot va idoralarga taqdimnoma hamda ogohlantirishlar kiritilgan. Aslida tadbirkorga toʻsiq boʻlayotgan birgina holat ham ortiqcha.
— Davlatimiz rahbarining navbatdagi ochiq muloqoti oldidan viloyatda oʻtkazilayotgan uchrashuvlarda masalaning ayni jihatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda, —deydi Biznes Ombudsmanning Namangan viloyat shubasi rahbari vazifasini bajaruvchi Nodirbek Tojiboyev. – Masalan, viloyat soliq boshqarmasi va Yangiqoʻrgʻon tuman hokimligi bilan tashkil etilgan shunday tadbirda oʻn beshdan ortiq tadbirkor soliq, yer, kredit, tekshiruvlar masalalarida oʻzlarini oʻylantirib turgan muammolarni oʻrtaga tashladi. Ularning har biri nazorat uchun qabul qilinib, takliflarni amaliyotga tatbiq etish choralari belgilandi.
Umuman olganda, viloyat boʻyicha oʻtkazilgan uchrashuvlarda 300 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari vakillari bank krediti, moliyaviy masalalar, soliq, energetika va boshqa sohalardagi mavjud muammolarni oʻrtaga tashladilar. Shundan, 50 ga yaqin murojaat va takliflar oʻrganib chiqish uchun qabul qilindi va ijrosi alohida nazoratga olindi.
Misol uchun, Toʻraqoʻrgʻon tumanida faoliyat yurituvchi “Runam tex” MCHJ direktorining fitosanitariya sertifikatini olishga doir, Pop tumanida faoliyat yurituvchi “Chodak Nihol tex” MCHJ rahbarining ijara asosida foydalanishga berilgan oʻrmon fondi yerlariga yengil konstruksiyali qurilmalarni joylashtirishga oid qonunchilik hujjatlariga berilgan takliflari tayyorlanib, vakolatli organga kiritildi.
Aytish kerakki, joylarda oʻtkazilayotgan uchrashuv-muloqotlarda biznes egalarining huquqiy bilimini mustahkamlash, muhim qonun va boshqa meʼyoriy hujjatlar boʻyicha tushunchalarini boyitish imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Masalan, Namangan shahrida tashkil etilgan shunday tadbir avvalida Prezidentning “Tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni mazmun-mohiyati atroflicha bayon etildi. Bir qator tadbirkorlar tegishli idoralardagi rasmiyatchilik, ish yuritishga toʻgʻonoq faktlarni ochiqdan-ochiq aytishga jurʼat qildilar.
Viloyatda muhim muloqotoldi tadbirlari davom etmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring