Tadbirkor oila har hafta 1 tonnadan ortiq mahsulotni qadoqlangan holda xaridorlarga yetkazib bermoqda
Rishton tumani qadimdan qandak oʻrigi bilan mashhur boʻlib, bugungi kunda bogʻbonchilikdagi ota-bobolardan meros anʼanalar zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashib bormoqda.
Ayni paytda rishtonlik tadbirkorlar tuman bogʻlarida sharbatga toʻlib pishayotgan oʻrik va boshqa mevalarni quritilgan holda dunyoning oʻnlab davlatlariga eksport qilmoqdalar. Eksport geografiyasi keyingi yillarda qoʻshni yurtlar, Rossiyadan tashqari AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya singari mamlakatlar hisobiga kengayib borayotgani eʼtiborga molik.
Quvonarlisi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida soʻnggi yillarda tumandagi oʻnlab mahallalar ushbu yoʻnalishda ixtisoslashmoqda. Xususan, “Hurramobod”, “Yoshlik”, “Zohidon” kabi mahallalar ahli meva-sabzavot eksporti borasida katta hayotiy tajribaga ega.
“Yoshlik” MFYda istiqomat qiluvchi Zaynabxon Mahmadqulova oilasi oʻrik mevasini tabiiy ishlov berish orqali xaridorgir mahsulotga aylantirish va qadoqlash faoliyati bilan shugʻullanadi. Tadbirkor ayol kasanachilik asosida 12 nafar mahalladosh xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan.

Hozirgi kunda ushbu xonadonda har hafta 1 tonnadan ortiq tabiiy darmondorilarga boy oʻrik mahsuloti qadoqlangan holda tayyorlanib, ichki bozorga hamda eksportga chiqarilmoqda. Mahalladagi xotin-qizlar faoli Lobarxon Qodirovaning qayd etishicha, endilikda mazkur tadbirkor tajribasi asosida mahallada ushbu biznesni jadal rivojlantirish maqsad qilingan. Yetakchi tadbirkor sifatida Zaynabxon Mahmadqulova ushbu ishga masʼul sifatida biriktirildi.
Aytish joiz, bugungi kunda Rishton tumanida 3,5 ming gektardan ziyod mevali bogʻlar mavjud. Uning 2 ming 100 gektarga yaqinini oʻrik bogʻlari tashkil etadi. Ayni jarayondagi amaliy ishlar doirasida tuman miqyosida keyingi uch yilda 673 gektar yangi – intensiv bogʻlar barpo etildi.
Bu yil tumanda qariyb 52 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring