Suv moʻl boʻlsa, tadbirkorning daromadi koʻpayadi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanining “Yangibogʻ” mahallasida yashovchi bogʻbon Hasanboy Qodirov 2 gektar yer maydonida shaftoli va bodom bogʻlari barpo etgan. Bogʻ joylashgan dashtliklarda bahor nafasi sezilib, bogʻbon daraxtlarga shakl bermoqda. Qoʻshni hududda mutaxassislar beton kanal qurmoqda.
— “Pandigan” xoʻjaliklararo kanali deb ataluvchi ariq 1966-yilda qurilgan, — deydi bogʻbon. — Umumiy uzunligi 4,7 km ni tashkil etadi. Suv oʻtkazish qobiliyati soniyasiga 2 kubometr. U tumandagi ming gektardan ortiq sugʻoriladigan maydonlarni suv bilan taʼminlaydi.
Kanal ishga tushirilgandan buyon rekonstruksiya qilinmagani sababli Yiliga oʻrtacha 3,5 mln m3 suv yoʻqotilishi kuzatilayotgandi. Shu kunlarda irrigatorlar obi hayot manbai boʻlgan ariqni betonlab berishi natijasida “Pandigan” kanalining foydali ish samaradorligi 90 foizgacha koʻtariladi. Betonlangandan keyin suvning tezligi oshishi hamda filtratsiyaning oldi olinishi natijasida yiliga oʻrtacha 3,2 mln m3 suv iqtisod qilinadi.
“Fargʻonasuvqurilishinvest” davlat muassasasidan olingan maʼlumotga koʻra, “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturi maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda joriy qishloq xoʻjaligi yili oldidan viloyatdagi 5 ta irrigatsiya tarmogʻida kanallar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
—Toshloqdagi “Ramadon” xoʻjaliklararo kanalida ham ikki kilometr masofada tuproq oʻzan betonlashtirildi, — deydi “Fargʻonasuvqurilishinvest” DM boʻlim boshligʻi Gʻayratjon Oʻrinboyev.

Soʻx daryosi manba hisoblangan “Nursux” kanali Oʻzbekiston tumanidagi qishloq xoʻjaligi subyektlarini vegetatsiya davrida soniyasiga 18 kubometrgacha hajmdagi obi hayot bilan taʼminlaydi. Keyingi yillarda kanalning maʼnan eskirishi natijasida unga bogʻlangan fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqa yer maydonlarini kafolatli suv bilan taʼminlashda muammolar vujudga kelib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda hosildorlik pasayib ketgandi. Taʼmirlash ishlari tufayli yiliga 32 mln kubometrdan ziyod suv iqtisod qilinib, kanaldan suv ichadigan aholi tomorqa maydonlari hamda 135 ta fermer xoʻjaligi ixtiyoridagi 10 ming gektardan koʻproq maydonning suv taʼminoti yaxshilanishiga erishiladi.
Ayni kunlarda Buvayda tumanining “Koʻtarma” qishlogʻini oralab oʻtgan tumanlararo kanalda ham ish qizgʻin. Tarmoq bundan yuz yil avval tortilgan boʻlib, umumiy uzunligi qariyb 18 km ni tashkil etadi. Boshdan oxirigacha tuproq oʻzanli kanal oxirgi yillarda aholi zichlashuvi, oʻzan boʻylab uy va imoratlar, dov daraxtlar koʻpaygani sabab foydali ish koeffitsiyenti keskin tushib ketgandi.
Yil boshidan beri kanalda betonlashtirish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Bundan qishloq ahli mamnun. Ezgu maqsad yoʻlida “Sirdaryo Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tarkibidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ham astoydil ishga kirishilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring