Suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari qanday amalga oshirilmoqda?
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida ushbu mavzuda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.
Qayd etildiki, Prezidentning Farmoni bilan tasdiqlangan suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida joriy yilda 5 ta, 2025-yilgacha 25 ta va 2030-yilgacha esa 50 ta loyihalarni amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Ayni paytda vazirlik tomonidan 2020-2021-yillar davomida DXSH qoidalari va tartib-taomillari asosida amalga oshirish yuzasidan 24 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 10 tasi klaster tizimida faoliyat yuritib kelayotgan xoʻjaliklar bilan amalga oshiriladi. Ulardan 5 tasi yakunlangan boʻlsa, qolgani kelgusi yilda yakuniga yetkaziladi. Shuningdek, 2021-yilda 9 ta loyihani boshqa yuridik shaxslar bilan va 1 ta loyihani xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirish rejalashtirilgan.
DXSH boʻyicha dastlabki loyihalar allaqachon samarasini bera boshladi. Xususan, 2020-yil iyun oyida Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasi bilan “Sirdaryo meliorativ qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida imzolangan qiymati 9 mlrd. soʻmlik DXSH bitimi boʻyicha ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun 1,5 mlrd. soʻmlik vositalar keltirilgan.
Beton zavodi, beton qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda texnikalarni taʼmirlashni yoʻlga qoʻyish natijasida 50 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, 27-oktyabr kuni Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli “Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini “TCT AGRO CLASTER” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga DXSH asosida boshqaruvga berish” loyihasi boʻyicha bitim imzolandi, ushbu loyiha boʻyicha barcha tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi.
Bir qator loyihalar yuzasidan ishlar davom ettirilmoqda. Misol uchun, Samarqand viloyati Narpay tumani irrigatsiya va melioratsiya obyektlari hamda nasos stansiyalarini, Toshkent viloyati nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tarkibidagi «Xondayliq», «Soyliq-1”, «Soyliq-2” nasos stansiyalarini DXSH asosida boshqaruvga berish boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilyapti.
Fargʻona viloyati Yozyovon tumani «Tolquduqqum» nasos stansiyasini DXSH asosida boshqaruvga berish loyihasi boʻyicha konsepsiya tasdiqlangan va texnik-iqtisodiy hisob-kitob ishlab chiqilgan hamda moliyaviy xulosa olish uchun Moliya vazirligiga taqdim qilingan.
Respublikamiz suv xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etish yuzasidan xorijiy davlatlarning yetakchi kompaniyalari bilan ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Bunga Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan Yangi Zelandiyaning “Sustainable Energy Services International” kompaniyasi oʻrtasida nasos stansiyalarini boshqarishda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish toʻgʻrisida anglashuv memorandumi imzolanganligini aytib oʻtish mumkin. Mazkur memorandum doirasida suv xoʻjaligi tizimida bir nechta nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik qoidalari asosida boshqarish bilan bogʻliq aniq vazifalar belgilab olingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring