Sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar masʼullar ishdan olingan
Prezident raisligida mahalliy sanoat tarmogʻidagi ichki imkoniyatlarni safarbar etish orqali aholini ishli va daromadli qilish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Davlatimiz rahbari «Sayxunobod» tajribasi doirasidagi ishlar hamma hududlarda ham birdek tashkil qilinmayotganini koʻrsatib oʻtdi.
Masalan, 7 ta tuman oʻrganilganda, 17 ta mahallada ishlar sustligi aniqlandi.
Yoki, ishga tushgani aytilgan 1 mingdan ziyod xonadondagi mikro-loyihalar joyida oʻrganilganda, 76 tasi yoki 7 foizi oʻz tasdigʻini topmadi.
Shu bois, sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar masʼullar ishdan olingan.
Prezidentimiz bandlik va aholi daromadi masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini yana bir bor taʼkidlab, bu borada oqsoqlikka yoʻl qoʻyib boʻlmasligi haqida barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.
Yana bir muhim masala – tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi.
Joriy yilning yanvar mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaromiz qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi prognoz qilinmoqda.
Ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga koʻmaklashish muhimligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga migratsiya boʻyicha yagona axborot platformasini yaratib, «mahalla yettiligi» tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda mehnat qilayotgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga koʻmaklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Muhokama qilingan vazifalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlarining hisoboti tinglandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring