Surxondaryoning turizm salohiyati Xitoyda namoyish etilmoqda
Farhod Esonov/“Xalq soʻzi”. Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahrida boʻlib oʻtayotgan “GITF” (Guangzhou International Travel Fair) xalqaro turizm koʻrgazmasida Surxondaryo viloyati oʻzining boy turizm salohiyati bilan faol ishtirok etmoqda.
Koʻrgazmada tashkil etilgan viloyat pavilyonida Surxondaryoning tarixiy va madaniy yodgorliklari, milliy anʼanalar hamda urf-odatlari atroflicha targʻib etilmoqda. Taqdimotlar xorijiy kompaniya va tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotib, viloyatga boʻlgan eʼtiborni yanada oshirmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, koʻrgazma doirasida bir qator xalqaro turizm kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazilib, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan shartnomalar va anglashuv memorandumlari imzolandi.
Taʼkidlash joizki, mazkur koʻrgazma mintaqaviy va xalqaro turizm aloqalarini mustahkamlash, yangi investitsiyaviy loyihalarni jalb etish, shuningdek, Surxondaryoni jahon sayyohlari uchun jozibador maskan sifatida targʻib qilishda muhim maydon vazifasini oʻtamoqda.
Xalqaro turizm koʻrgazmasi 17-mayga qadar davom etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring