Surxondaryoning toʻy-u tomoshasi kurash bilan fayzli

11:41 22 Mart 2026 Sport
337 0

Surxon zaminida bahor nafasi ufurgan har bir kun xalq qalbidagi quvonch, orzu va qadriyatlarning yana bir bor uygʻonishidir. Zero, bu yurtda fasllar almashinuvi shunchaki tabiat hodisasi emas, balki inson ruhiyatidagi yangilanish, ezgu niyatlar va anʼanalarning qayta jonlanishi bilan uygʻun kechadi. Ayniqsa, Navroʻz bu maʼnoda alohida oʻrin tutadi. U tabiat bilan birga inson qalbini ham poklab, hayotga yangi ruh va mazmun baxsh etadigan ulugʻ ayyomdir. Ana shu qutlugʻ damlarda Surxondaryo yana bir bor oʻzining betakror ruhi — kurashsevarligi, jasorati va anʼanalarga sadoqati bilan yaqqol namoyon boʻldi.

Surxondaryoning hech bir tadbiri, toʻy-tomoshasi kurashsiz oʻtmaydi. Buni shunchaki ibora sifatida aytmadik. Ushbu anʼana asrlar davomida shakllangan hayot tarzi, milliy gʻurur va irodaning ifodasidir. Shu bois Termiz tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi amfiteatr maydonida Navroʻz bayrami munosabati bilan oʻtkazilgan katta kurash musobaqasi ham nafaqat sport tadbiri, balki xalq ruhiyatining yorqin koʻzgusiga aylandi.

Prezidentimiz tashrifi chogʻida polvonlar uchun Denovda oromgoh, Sherobodda zamonaviy baza barpo etish kabi ikki yirik loyihaning belgilab berilishi ham kurashga, u orqali tarbiya topayotgan avlodga boʻlgan yuksak eʼtiborning amaldagi ifodasi boʻldi. Bu eʼtibor esa surxondaryoliklarning qalbida yanada kuchli ishtiyoq va masʼuliyatni joʻsh urdirdi.

Navroʻz ayyomida tashkil etilgan kurash musobaqasi ana shu ruhiy koʻtarinkilikning amaliy ifodasi boʻldi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Bellashuvlar toʻrt vazn toifasi hamda mutloq vazn toifasida oʻtkazilib, har bir bahsda jasorat, matonat va gʻalabaga boʻlgan chanqoqlik yaqqol namoyon boʻldi. Polvonlar gilamga nafaqat kuch, balki yurtga boʻlgan muhabbat, or-nomus va anʼanaga sadoqatni ham olib chiqdilar.

Bosh sovringa avtomobil, shuningdek, tuya, ot, hoʻkiz va boshqa qimmatbaho sovrinlar qoʻyilgan bellashuvda munosabatlar keskin, bahslar murosasiz kechdi. Natijada gʻoliblar aniqlanib, munosib taqdirlandilar.

Mutloq vazn toifasida sherobodlik Muhammadkarim Xurramov oltin medalni qoʻlga kiritib, haqli ravishda bosh sovrin — Prezident sovgʻasi boʻlgan avtomobil sohibi boʻldi. Undan keyingi oʻrinni oltinsoylik Jahongir Mammatraximov egallagan boʻlsa, uzunlik Abduzohid Xusayinov hamda shoʻrchilik Bekmurod Oltiboyev uchinchi pogʻonani band etishdi.

Ayollar oʻrtasidagi bahsda 73 kilogramm vazn toifasida Termiz shahri vakili Shoxista Nazarova gʻoliblikni qoʻlga kiritib, nafaqat oʻz hududining, balki yurt faxriga aylandi.

— Biz kurashga shunchaki sport turi sifatida qaramaymiz, — deydi boysunlik kurash faxriysi Eshqobil polvon Gʻaniyev. — Yigitning ori, tarbiyasi, yurtning anʼanasi, millat ruhining tirik ifodasi sifatida qabul qilamiz. Yurtboshimizning eʼtibori, Navroʻz bayrami ana shu ruhni yanada yuksaltirib, avlodlar qalbiga gʻurur va ishonch bagʻishlamoqda.

Navroʻz qadriyatlarni ana shunday mustahkamlab, odamlar qalbida birdamlik va ishonchni oshirmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер