Surxondaryoliklarning asriy orzusi ushalmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Surxondaryo deganda kishi koʻz oʻngida ufqqa tutashib ketgan kenglik, tabiatning betakror goʻzalligini oʻzida mujassam etgan qiru adirliklar, purviqor togʻlar gavdalanadi. Ana shu ulkan togʻlar, muzliklar bagʻridan oqib keluvchi daryo va soylar tiriklikning muhim omili – obi hayot manbaidir.
Toʻpalang daryosi Hisor togʻ tizmasining janubiy yon bagʻridan boshlanib, asosan mavsumiy qor, muzliklar suvidan toʻyinadi. Hozirga qadar bu daryo suvidan qishloq xoʻjaligi maydonlarini sugʻorishda keng foydalanilgan boʻlsa, endilikda ushbu suv manbaidan viloyatda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha megaloyiha amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yilning 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida «Toʻpalang» suv omborining quyi qismida bosimni soʻndirish, suv tozalash va taqsimlash inshootlarini qurish, viloyat hududi boʻylab jami 361 kilometrlik quvurlarni yotqizish ishlari jadal surʼatda olib borilmoqda. Umumiy qiymati 138 million dollarlik loyiha doirasida 158,2 kilometr magistral, 227,9 kilometr ichki tarmoq suv quvurlarini barpo etish rejalashtirilgan. Hozirga qadar diametri 630 mm dan 1400 mm gacha boʻlgan jami qariyb 100 kilometr magistral va ichki tarmoq tortildi.

Bu oʻrinda taʼkidlash joizki, dengiz sathidan qariyb ming metr balandlikda joylashgan «Toʻpalang» suv ombori 1986-yilda ishga tushirilgan. Toʻgʻon balandligi 165 metrni, umumiy sigʻimi 500 million kub metrni tashkil etuvchi suv ombori 200 ming gektardan ziyod yer maydonini suv bilan taʼminlash imkoniga ega. Keyingi yillarda ushbu suv manbaidan foydalangan holda bir necha kichik gidroelektr stansiyalari ham barpo etildi. Xususan, quvvati 75,6 MVt boʻlgan «Zarchob-1» va «Zarchob-2» kichik GESlar kaskadi qurilib, ishga tushirilgan boʻlsa, ayni paytda «Zarchob-3» kichik GES qurilishi davom etmoqda.
Surxondaryo viloyatida ayni paytda 2 million 700 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2040-yilda viloyat aholisi qariyb 17 foizga oʻsib, suv ehtiyoji yanada ortadi. «Toʻpalang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash» loyihasini ishlab chiqishda ayni jihatga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Olib borilayotgan amaliy ishlar pirovardida viloyat aholisining umumiy markazlashgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 90 foizga yetkaziladi.
Mazkur loyihaning ahamiyatli jihati shundaki, 800 metr balandlikdan Termizgacha elektr energiyasi sarfisiz, yuqori bosimda suv yetkazib beriladi. Inson organizmi uchun zarur qator foydali minerallarga boy suv, eng avvalo, zamonaviy texnologiyalar asosida toʻrt bosqichda qayta ishlangach, isteʼmolchiga yetkaziladi. Loyiha doirasida dastlab Sariosiyo tumani aholisi ushbu yangi tarmoq orqali ichimlik suvidan bahramand boʻlishadi. Undan keyin Denov, Shoʻrchi tumanlari hududiga ham ushbu yangi magistral tarmogʻidan suv beriladi. Shuningdek, Shoʻrchi, Oltinsoy, Qumqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Jarqoʻrgʻon, Muzrabot, Angor, Termiz tumanlari hamda Termiz shahrida istiqomat qiluvchi jami 1,7 million nafar aholi xonadonlariga «Toʻpalang» suv magistral tarmogʻi orqali obi hayot kirib boradi.
— Ayrim hududlarda ichimlik suvi asosan yer osti suv manbalaridan yetkazib berilayotgani sababli suv olish hajmi kamayib, qattiqlik darajasi ortib bormoqda, — deydi xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi deputati Abdurashid Ortiqov. — Shu kabi koʻplab muammolarni bartaraf etish, aholini ekologik toza ichimlik suvi bilan taʼminlashda Prezidentimiz tashabbusi va bevosita rahbarligida amalga oshirilayotgan megaloyiha, yaʼni «Toʻpalang» suv manbaidan aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga doir amaliy harakatlar har qancha tahsinga loyiq, albatta. Asriy orzularimiz roʻyobga chiqayotgani uchun behad minnatdormiz. Bu xalqimizga koʻrsatilayotgan yuksak gʻamxoʻrlik, inson qadrini ulugʻlashga doir islohotlarning yuksak samarasidir.
Ilhom RAHMATOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring