Surxondaryolik olimlar yangi boʻyoq turini yaratishdi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Termiz davlat universiteti olimlari avtomobil yoʻllarida yotiq chiziqlarni chizishda ishlatishga moʻljallangan yangi boʻyoq turini yaratishdi.
— Shu kungacha bunday boʻyoqlar 70 ming soʻmdan 120 ming soʻmgacha boʻlgan narxlarda xorijdan keltirilar edi, — deydi universitetning analitik kimyo kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Baxtiyor Normurodov. — Qolaversa, ular chizilgandan keyin 2 oy muddatgacha turardi. Olimlarimiz yaratgan boʻyoqning samaradorligi esa ancha yuqori. Yoʻlga chizilganidan keyin 6 oy muddatgacha rangini yoʻqotmaydi. Xorijdan keltiriladigan boʻyoqlardan ancha arzon — kilogrammi 30 ming soʻm. Ushbu boʻyoq kechasi shuʼlalanish xususiyatiga ham ega.
Hozirda yangi boʻyoq sinov tariqasida Termiz davlat universiteti atrofidagi avtomobil yoʻllarining piyodalar yoʻlakchalarini chizishda ishlatildi. Sinov samarali natija bersa, mahsulot ishlab chiqarish hamda barcha yoʻllarda undan foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
— Avtomobil yoʻllarida harakat ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlash, transport vositalari harakatini tartibga solishda yoʻl yotiq chiziqlari muhim ahamiyatga ega, — deydi viloyat IIB JXX YHXB YPX 1-safarbarlik guruhi katta inspektori, katta serjant Ruxiddin Xusinov. — Buning uchun esa, oʻz navbatida, yotiq chiziqlar koʻrinarli holatda uzoq muddat saqlanishi zarur. Olimlar yaratgan yangi turdagi boʻyoq ana shunday samaradorlik berishiga umid qilamiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring