Surxondaryolik yigitlar muddatli harbiy xizmatga kuzatildi

21:33 03 Aprel 2024 Jamiyat
596 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Farhod Esonov/«Xalq soʻzi». Termiz shahrida muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun joʻnab ketayotgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi oʻtkazildi. Unda viloyat hokimligi, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, boʻlajak askarlar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz Qurolli Kuchlari salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar tinch va osuda, farovon hayotimizni taʼminlashga xizmat qilayotgani, shuningdek, harbiy xizmatga yoshlarimizning qiziqish va intilishi tobora ortib borayotgani, Vatan himoyachisi boʻlish yuksak sharafga aylangani alohida taʼkidlandi.

— Farzandim barcha saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, muddatli harbiy xizmatga joʻnab ketayotganidan faxrlanaman, — deydi Chorshanbi Aliqulov. — Shukr, yurtimiz tinch. Shu sabab mamlakatimiz obod, xonadonlarimiz fayzli, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor.

Feruz Doʻsatov bolaligidan harbiy boʻlishni orzu qildi. U bu borada oʻqib oʻrgandi, jismonan chiniqdi. Bugun u orzusi yoʻlida dastlabki qadamini tashladi.

— Yigitlik burchimni bajarishga chogʻlanar ekanman, barcha tengqurlarim qatorida men ham Vatanimga munosib xizmat qilish, uning har bir qarich yerini koʻz qorachigʻimdek asrab-avaylashni maqsad qildim, — deydi u.

Tadbirda askarlarga Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligining esdalik sovgʻalari va sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi. Harbiy orkestr va sanʼatkorlar ijro etgan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер