Surxondaryoda «Yashil makon» loyihasi doirasida 16 million tup daraxt ekiladi
Foto: “Xalq so‘zi”
Joriy yilning 2 noyabr kuni davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab daraxt ekish bo‘yicha "Zarbdor 40 kunlik" eʼlon qilingan edi. Shunga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida «Yashil makon» loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Angor tumanida uyushtirilgan ko‘rgazmali tadbirda viloyat sektorlari rahbarlari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillar ishtirok etdi. Tadbirda qatnashgan viloyat hokimi mazkur loyihaning ahamiyati haqida to‘xtalib, barchani faollikka undadi.
- Bugungi kunda ekologik muammolar har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. "Yashil makon" loyihasi hududlarda toza atmosfera barqarorligi va atrof-muhit musaffoligini taʼminlash imkonini yaratadi. Rosti, avvallari ko‘chat ekib uning parvarishiga beparvo bo‘lganmiz. Endi unday bo‘lmaydi. Har bir daraxt, har bir ko‘chat eʼtiborimiz markazida bo‘ladi, - dedi viloyat hokimi To‘ra Bobolov.
Shu kuni Angor tumaniga qarag‘ay, qayrag‘och, katalpa, o‘rik, jiyda, tut, bodom kabi10 ming 600 tupdan ziyod manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Mavsum davomida tumanda 1 million tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari va butalar ekilishi rejalashtirilgan.
«Yashil makon» loyihasi doirasidagi bunday ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari Termiz shahri va barcha tumanlarida uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Viloyat hududida kuz faslida 6 million, bahor mavsumida 10 million tupdan ortiq ko‘chat ekiladi.
Ilhom RAHMATOV, "Xalq so‘zi".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring