Surxondaryoda nuroniylarga koʻkrak nishoni topshirildi

15:10 07 Avgust 2024 Jamiyat
361 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryoda turli sohalarda koʻp yillar davomida halol va samarali xizmat qilgan mehnat faxriylariga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni tantanali topshirildi.

Marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Oʻzbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari va boshqalar Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning markazida keksalarning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish masalasi oʻrin olayotganini alohida qayd etdi. Katta avlodning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik hamda osoyishtalikni taʼminlash, shuningdek, yosh avlodni koʻp asrlik anʼanalarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishida oʻrni beqiyos ekanligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda viloyatda yuz mingdan ziyod yoshi ulugʻ insonlar bor. Ular jamiyat hayotida faol ishtirok etib, boy tajriba va ibratli umri bilan oʻrnak boʻlmoqda. Viloyatning bir guruh nuroniy otaxon-onaxonlariga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni topshirilgani ular mehnatining eʼtirofi boʻldi.

Tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 50 nafar faxriyga I, II va III darajali koʻkrak nishonlari topshirildi.

Tadbir doirasida Termiz shahridagi “Muhtasham” tantanalar saroyida bayram dasturxoni tashkil etildi. Toʻkin dasturxon atrofidagi kuy-qoʻshiq yoshi ulugʻlarimizga bayramona kayfiyat ulashdi. Oʻz navbatida, koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik va eʼtibordan mamnun boʻlgan nuroniylar yurt tinchligi va obodligini, xalqimiz farovonligini soʻrab duoga qoʻl ochdi.

Shuningdek, Sharof Ubaydullayev boshchiligidagi masʼullar tadbirda qatnasholmagan Angor tumanidan Oysoat momo Bobolova hamda muzrabotlik Ismoil ota Toʻrayev xonadonlariga tashrif buyurib, ularga I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlarini topshirdi.

— Bugungi eʼtibordan juda xursand boʻldim, — deydi mehnat faxriysi Ismoil ota Toʻrayev. — Ushbu nishon Yurtboshimizning faxriylarga boʻlgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrligining yana bir yorqin ifodasidir. Ushbu ragʻbatni yuksak ishonch deb bilaman. Mahalladagi uchrashuvlar, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etib kelyapmiz. Hayotiy tajribalarimni yosh avlodga oʻrgatishdan hech qachon charchamayman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер