Surxondaryoda mahalla fidoyilariga ehtirom va eʼtirof

01:07 24 Mart 2026 Jamiyat
337 0

Shoʻrchi tumanida 22-mart — Mahalla tizimi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazildi. Navroʻz shodiyonalari va muborak Ramazon hayiti bilan hamohang nishonlangan ushbu bayram xalqparvar tizim va uning fidoyi vakillariga boʻlgan eʼtibor va eʼtirofning yana bir yorqin ifodasi boʻldi.

Tadbirda viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov mahalla xodimlarini samimiy tabriklab, bugungi kunda mahalla nafaqat ijtimoiy institut, balki jamiyatni birlashtiruvchi, inson qadrini yuksaltiruvchi muhim tayanchga aylanganini taʼkidladi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda joriy etilgan yangi boshqaruv tizimi, xususan, “mahalla yettiligi” amaliyoti hududlardagi muammolarni joyida hal etishda samarali mexanizmga aylanmoqda.

Bugun Surxondaryo viloyatida 723 ta mahalla fuqarolar yigʻini faoliyat yuritmoqda. Ular orqali aholi bilan manzilli ishlash, har bir oilaning dardi va ehtiyojini oʻrganish, ijtimoiy masalalarga yechim topishda mutlaqo yangi yondashuv shakllangan. Bu esa mahallaning jamiyatdagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.

Oʻtgan yili “Mahalla jamgʻarmasi”ga tushgan qariyb 54 milliard soʻm mablagʻ hisobiga keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib, “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” tashabbuslari doirasida yuzlab manzillar obod qiyofa kasb etdi. Keyingi ikki yilda namunaviy loyihalar asosida 115 ta yangi bino barpo etilgani mahallalarning moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanayotganini koʻrsatdi. Respublika bosqichidagi tanlovlarda ham surxondaryoliklar munosib ishtirok etib, Uzun tumani Yangi roʻzgʻor mahallasi va Termiz tumani Qahramon mahallasi vakillari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Bu kabi amaliy natijalar va fidokorona mehnat bu yil ham munosib eʼtirof etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, surxondaryolik fidoyi insonlar ham yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldi. Jumladan, Angor tumanidagi “Toʻlqin” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Erkin Raxmonov “Doʻstlik” ordeni, Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Young Adults” oʻquv markazi direktori Yigitali Abdullayev “Kelajak bunyodkori” medali hamda viloyat bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari boʻyicha yordamchisi, bosh otinoyisi Xasiyat Kasimova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

— Bugungi mahalla kechagidan tubdan farq qiladi, — deydi “Doʻstlik” ordeni sohibi Erkin Raxmonov. — Ilgari faqatgina ayrim masalalar bilan shugʻullangan mahalla endilikda aholining barcha qatlamlari bilan tizimli ishlaydigan, vakolatlari kengaygan, masʼuliyati oshgan tuzilmaga aylangan. “Mahalla yettiligi” orqali har bir muammo birgalikda muhokama qilinib, tezkor hal etilmoqda, aholi bilan muloqot mutlaqo yangi bosqichga chiqqan. Bugungi imkoniyatlar va eʼtibor uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Bundan keyin ham mahalla xodimlari oʻz zimmasidagi masʼuliyatni yanada chuqur his qilib ishlashni davom ettiradi.

Mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda ham oʻz samarasini koʻrsatmoqda. “Kambagʻallikdan farovonlik” sari dasturi doirasida oʻtgan yil 60 mingdan ortiq oila kambagʻallikdan chiqarildi va viloyatda kambagʻallik darajasi 4,5 foizga tushirildi. Joriy yilda esa 67 ming yangi ish oʻrni yaratish va 20 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish orqali bu koʻrsatkichni 2,8 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan.

Yana bir eʼtiborga molik jihat, davlatimiz rahbarining vohaga soʻnggi tashrifi chogʻida ajratilgan 15 trillion soʻm mablagʻ hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu mablagʻlar avtomobil yoʻllari, temir yoʻl tarmoqlari, havo transporti, energiya taʼminoti, suv va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilayotgani esa mahallalardagi hayot sifatini yanada yaxshilaydi.

Tantanali tadbir yakunida mahalla tizimida samarali mehnat qilayotgan bir guruh xodimlarga davlat mukofotlari, orden va medallar, shuningdek, “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni topshirildi. Bu eʼtiroflar mahalla fidoyilarining sharafli va masʼuliyatli mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Bugun mahalla nafaqat anʼanalarni saqlovchi, balki Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda. Uning fidoyi vakillari esa jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va taraqqiyot gʻoyalarini mustahkamlayotgan haqiqiy xalq xizmatchilari sifatida eʼtirof etilmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер