Surxondaryoda “Ichki ishlar bogʻi” tashkil etildi

15:07 26 Noyabr 2022 Jamiyat
689 0

Foto: IIV Axborot xizmati

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Surxondaryo viloyati 3-sektor rahbari topshirigʻi hamda Muzrabot tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi tashabbusi bilan 3-sektor hududidagi “Oriyat” mahallasida qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqarilgan 1 gektarga yaqin yer maydonida bogʻ barpo etildi. Dastlab, maydon qaytadan butazorlar va begona oʻt-oʻlanlardan tozalandi. Qishloq xoʻjaligi va boshqa turdagi texnikalar yordamida yerning shoʻrlangan qismi olib tashlanib, 4 xildagi 1000 dan ortiq mevali daraxt koʻchatlari ekildi. Albatta, bogʻ yaratish uchun koʻchatlarni ekishda belgilangan meʼyorlarga amal qilinmasa, koʻzlangan natijaga erishib boʻlmaydi. Shu bois, dastlab, Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik A.S.Ismoilov koʻchatlarni oraliq masofani saqlagan holda, bir tekisda ekish lozimligi boʻyicha koʻrsatma berdi. Soʻng, koʻchatlarni oʻtqazishda oʻzi bosh-qosh boʻldi. Tuman Yoshlar ishlari agentligi xodimlari ham faol ishtirok etib, koʻmaklashishdi. Yangi tashkil etilgan bogʻda 400 dona bodom, 200 dona oʻrik, 200 dona shaftoli, 200 dona olma daraxti koʻchatlari IIB xodimlari tomonidan oʻtqazildi.

IIB rahbari ekilgan koʻchatlarni qanday parvarish qilish kerakligi boʻyicha ham oʻz tavsiyalarini berdi. Bu koʻchatlar oʻsib, moʻl-koʻl hosil beradigan, koʻrganning bahri-dili yayraydigan yashil makonga aylanishi lozimligini taʼkidladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida Muzrabot tumani 3-sektor hududidagi “Yangiyer” mahallasida ham Muzrabot tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqarilgan yana bir gektardan ziyod joy yashil makonga aylantirilishi uchun tayyorlandi. Bu yerda 2023-yil fevral oyiga 2000 donadan koʻproq anor koʻchati ekish koʻzlanmoqda. Shu bois, hudud butazorlar, begona oʻt-oʻlanlardan va shoʻrlanishdan tozalandi.

Ushbu xayrli ish kun kelib albatta meva beradi. Undan hudud aholisi bahra olib, ekkanlarning haqqiga yaxshi soʻzlar aytishiga shubha yoʻq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер