Surxondaryoda gaz taʼminotida ahvol qanday?
Foto: Xalq so‘zi
Ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar «Hududgaz Surxondaryo» gaz taʼminoti filiali tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida ana shu savolga uzil-kesil javob topishga harakat qildilar.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida gaz isteʼmolchilari soni 558 973 tani tashkil etmoqda. Shu jumladan, 107 ming 230 aholi tabiiy hamda 462 ming 310 nafari suyultirilgan gazdan foydalanadi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab yangi gaz quvurlari tortilgan Termiz shahridagi Guliston mahallasida boʻlishdi. Aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, hayotiy zarur ehtiyojlarini qondirish maqsadida bu yerga gaz isteʼmoli uchun qariyb 1100p/m gaz quvuri tortildi. Mahallada 860 ta xonadonni toʻliq gazlashtirish, birinchi bosqichda esa 260 ta xonadonni tabiiy gaz bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlariga gaz taʼminoti filialining qurilish boʻlimi ishchi kuchi va texnikalari jalb etilgan. Barcha isteʼmolchilar xonadonida zamonaviy “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatib berildi.
Tadbir davomida Termiz shahridagi “Bogʻishamol” mahalla fuqarolar yigʻinida tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi loyihasini joriy etish ishlari bilan ham tanishish imkoniyati yaratildi.
Maʼlum qilinishicha, viloyatda isteʼmolchilarning 22 ming 391 nafari koʻp qavatli uylarda istiqomat qiladi. Surxondaryoda gaz hisoblash uskunalarini oʻrnatish ishlari 2020-yilning may oyida boshlangan va bugungi kunda ushbu jarayon oʻz nihoyasiga yetmoqda. Hozirgacha viloyat boʻyicha 107 mingdan ortiq hisoblagichlar xonadonlarga oʻrnatildi.
Prezidentimizning 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududiga gaz quvurlarni tortish belgilangan. Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va Termiz shahri isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlash uchun Angor tumani “Bahor” mahallasi hududida joylashgan “Qoraqir” AGRSdan kesimi d-219 mm boʻlgan, jami 38,9 km yuqori bosimli gaz tarmogʻi qurilishini taʼminlash topshirigʻi berilgan edi. Mazkur obyektning loyiha-smeta hujjatlari toʻliq ishlab chiqilib, tegishli tartibda ekspertizadan oʻtkazilgan.
Ayni damda ushbu obyektda «Hududgaz Surxondaryo» GTF mashina-mexanizm hamda qurilish montaj boshqarmasi ishchi-xodimlari kuchi bilan L-24 km.dan ziyod quvurlarning qurilishi amalga oshirildi. Termiz shahar aholisini tabiiy gaz bilan taminlash maqsadida rejada D-219 mm L-5.6 km gaz quvurlarini tortish koʻzda tutilgan boʻlib, shundan hozirgi kunda L-3.6 km qismini montaj qilish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur obyektlarning qurilishi yakuniga yetgach, Termiz shahrida 10 mingga yaqin koʻp qavatli va hovli uylar hamda koʻplab ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining tabiiy gaz taʼminoti yaxshilanadi.
— Joriy yilda viloyat hududida 5,5 km gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish, 10 dona gaz taqsimlash qurilmalarining mukammal taʼmiri rejalashtirilgan, — deydi «Hududgaz Surxondaryo» gaz taʼminoti filiali matbuot kotibi Aziz Mashrapov. — Shuningdek, mavjud 2 ming 125 dona gaz taqsimlash qurilmalari texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. Filial tasarrufidagi 70,26 km gaz quvurlarini bosim ostida sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlari rejalashtirilgan boʻlib, hozirgacha 36,5 km quvurlar sinaldi va tozalandi. 70,26 km gaz yer osti gaz quvurlari holati tekshirildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida viloyatdagi 30 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida taʼminotni yanada yaxshilash va suyultirilgan gaz yetkazib berish boʻyicha ishlar belgilab olingan. Jumladan, 6,3 km uzunlikdagi gaz tarmoqlarini qurish va taʼmirlash rejalashtirilgan boʻlib bugungacha 4,9 km qismi taʼmirlandi va rekonstruksiya qilindi.
Press-tur ishtirokchilari Denov hamda Boysun tumanida aholi xonadonlari, iqtisodiyot va ijtimoiy soha inshootlarini gaz taʼminoti bilan taʼminlash ishlarini ham koʻzdan kechirdilar.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring