Surxon vohasida qadrdon ayyom shodiyonalari
Foto: Xalq so‘zi
Termiz shahridagi Amfiteatr majmuasida mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan asosiy bayram tantanalari boʻlib oʻtdi. Unda ishlab chiqarish ilgʻorlari, turli mehnat jamoalari aʼzolari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda qoʻshni Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Dastlab Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov barchani eng aziz va qadrli ayyom bilan muborakbod etib, mustaqillik yillarida Surxon vohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, erishilayotgan ulkan yutuq va natijalar, xalqimiz hayotidagi oʻzgarishlar haqida soʻz yuritdi. Qayd etilganidek, Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan, oʻtmishdan ilmu fan, maʼnaviyat, maʼrifat va madaniyat beshigi boʻlib kelgan Surxon vohasi tobora sayqal topib, yanada obod, goʻzal va farovon goʻshaga aylanmoqda.

Oʻtgan yil yakuniga koʻra, viloyatda 2017-yilga nisbatan yalpi hududiy mahsulot hajmi 2,3 baravarga oshdi. Eksport hajmi olti yil avvalgi 12 mln.dollardan 73 mln.dollarga yetdi. Tarmoqda band boʻlgan aholi soni 5 ming 625 nafardan 13 ming 545 nafarga koʻpaydi. Shu bilan birga meva-sabzavotlarni qayta ishlash, issiqxonalarda sarxil mahsulotlar yetishtirish kabi yoʻnalishlarda ham tub oʻzgarishlar boʻldi. Xizmatlar koʻrsatish sohasi yangi bosqichda rivojlandi. Agar 2018-yili viloyat boʻyicha 188,0 mln. dollarlik 85 turdagi mahsulot eksport qilingan boʻlsa, 2021-yilda eksport hajmi 230,3 mln. dollarni, mahsulotlar soni 163 tani tashkil etdi. 244 mln. AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar jalb etildi. Xorijlik investorlarga yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgani bois chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar sonini 2018-yilga nisbatan 4 barobarga oshirdi. Hozir viloyatda 609 ta xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi korxona mavjud. Birgina shu yilning birinchi yarmida 37 ta yangi qoʻshma korxona tashkil etildi.
— Bundan besh yil avval hech birimiz viloyatda 14, 16 qavatli uylar qurilishini xayolimizga sigʻdirolmas edik, — dedi viloyat rahbari. — Qisqa vaqtda Termiz shahri va Denov tumanida ana shunday osmonoʻpar binolar qad rostlayotgani ayni haqiqatdir. Misol uchun, Denov tumani “Lochin” massivida 800 xonadonli 12 ta 7, 9, 12, 14 va 16 qavatli zamonaviy uy-joylar barpo etildi.
Viloyatda 2019-2021-yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 70 ta manzilda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, 43 mingta xonadon yoki 244 ming aholining turmush sharoiti yaxshilanishiga erishildi.
Birgina shu yilning oʻtgan davrida ijtimoiy daftarlar roʻyxatida turganlarga 49 mlrd. soʻmlik yordamlar koʻrsatildi.
— Vatanimiz tarixidagi shonli sana – mustaqilligimizning oʻttiz bir yilligi bu gal yurtimiz boʻylab “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida nishonlanmoqda. Viloyatimizda bayram tadbirlari yuqori saviyada oʻtkazilmoqda. Bugun teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, milliy kuy-qoʻshiq va millatlararo doʻstlik, hamjihatlikni tarannum etuvchi bayram dasturi barchaga birdek koʻtarinkilik baxsh etdi. Rosti, murakkab pandemiya sabab bunday shox-shodon damlarni juda sogʻingandik. Shu boismi, hammaning yuz-koʻzida quvonch, shodmonlik ufurib turibdi. Buni odamlarning davralarni toʻldirib raqsga tushganida ham koʻrib, his qilish mumkin. Zero, dunyoda istiqlol, hurlikdan ulugʻ neʼmat yoʻq. Baxtli, farovon kunlarimizning kafolati boʻlgan Mustaqillik shodiyonasi har bir yurakda shukronalikni yanada oshirmoqda. Ilohim, yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy boʻlsin! — dedi “Yuksalish” umummilliy harakati Surxondaryo viloyati boʻlimi rahbari Gulmira Amirova.
Bayram badiiy sahnasida bolajonlar, harbiylar, sportchilar, turli madaniy markaz tomonidan tayyorlangan rang-barang chiqishlarga keng oʻrin berildi. El suygan taniqli xonandalarning kuy-qoʻshiqlari, charogʻon mushaklar yogʻdusi dillarga zavq-shavq bagʻishladi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring