Suriyadagi terrorchilik tashkilotlaridan birining rahbari bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxs halok bo‘ldi
Videodan kadr
Suriyadagi janglarda terrorchilik tashkilotlaridan biriga rahbarlik qilgan O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
1972 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Babamuratov Toshkent shahri Yunusobod tumanida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan, ma’lumoti o‘rta. 2009−2010 yillarda Termiz shahrida «Jihodchilar jamoati»ni tashkil qilgan. 2011 yilda guruh a’zolarining ko‘pchiligi hibsga olingan, qolganlariga qidiruv e’lon qilingan. Bu paytda Rossiyada bo‘lgan «Termiz jamoati» a’zolari Turkiyaga qochib o‘tgan.
2013 yil may oyida Ulug‘bek Babamuratov Suriyada «Katibat ul imom al-Buxoriy» xalqaro terrorchilik tashkilotini tuzgan. O‘sha yili unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgandi.
«Hozirda Babamuratov Ulug‘bek Abdurasulovich Suriyadagi jangovar harakatlar chog‘ida vafot etgani to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar olingan», — deyiladi IIBB xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring