“Bobur shu uyda yashaganmi?”
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon markazidagi Eski shahar hududida muqaddas maskan bor. Markaziy koʻchaning yoqasida joylashgan bu yodgorlik “Zahiriddin Muhammad Boburning uy muzeyi” nomi bilan mashhur. Bu obyekt XIV asrda Xojar ismli shahar hukmdori tomonidan qurdirilgan. Madrasa Zahiriddin Boburning otasi Umarshayx Mirzo arki oʻramida boʻlib, keyingi 7-8 asrda bir necha bor taʼmirlangan. Ushbu meʼmorchilik yodgorligi 27 ta hujra, 3 ta gumbazli darsxona, talabalarga moʻljallangan kichkina yopiq va ayvonli namozgohdan iborat.

Muzeyda turli davrlarda yashab ijod qilgan rassomlar tomonidan ishlangan Boburiylar hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi 200 dan ortiq eksponatlar jamlangan. Ularda Boburning taxtga oʻtirishi, Andijon qalʼasi uchun boʻlib oʻtgan jang, ov tasvirlari, Xoʻja Ahror Valiyning dafn marosimi, Xonzodabegimning Andijonni tark etishi, Shayboniyxon bilan boʻlgan jang voqealari ifodalangan. Rassom Hasanboy Saidov tomonidan yaratilgan “Bobur Baroqoʻhda”, “Gulxan atrofida oʻtirgan Bobur”, “Jangdan qaytgan Bobur” va “Boburning Andijonni tark etishi” nomli asarlarining har biri tarixning koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan jihatlarini oʻzida ifoda etgan. Asarlarni tomosha qilgan kishi Boburning Baroqoʻh togʻidagi qurilish ishlari bilan tanishish, qorli togʻ bagʻrida askarlar bilan muloqotidan voqif boʻlib qolmasdan, uning insonparvarlik xislatlariga ham guvoh boʻladi. Ekspozitsiyada “Boburnoma” asariga ishlangan miniatyuralar, Boburiylar sulolasining shajarasi ham oʻrin olgan.

— Muzeyimizga tashrif buyurgan kishi Boburning bolaligidan to bosib oʻtgan umr yoʻli haqida yetarli maʼlumotga ega boʻladi, — deydi muzey boʻlim mudiri Ulugʻbek Tojiboyev. — Bobur qalamiga mansub asarlar, hujjatlarning asl nusxalari mehmonlarning eʼtiborini tortadi. Muzey masʼullari tomonidan Bobur va Boburiylar davri hayotini oʻzida aks ettiruvchi kompyuterlashtirilgan tasvirlar ustida ishlanmoqda. Kelgusida uy muzeyi hovlisida ajdodlarimiz turmush tarzi, faoliyatini ifoda etuvchi manzara barpo etiladi.

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring