Sunʼiy toʻsiqlar erkin harakatlanishni cheklamoqda
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bugun yurtimizning qaysi goʻshasiga bormaylik, kilometrlarga choʻzilgan, buzilayotgan yoki tuzatilayotgan yoʻl ustidan chiqamiz. Shu yaqin yillarda qancha yoʻllar tekislandi, asfaltlanayapti ham. Tekis va asfalt yoʻllar hammaga kerak. Lekin biz koʻtarmoqchi boʻlgan muammo boshqa...
Mushohadamizni Termiz shahri misolida davom ettirmoqchimiz. Navqiron shaharning taʼmirlanmagan ichki yoʻllari qolmadi. Mahalla yoʻllari, koʻp qavatli uylar atrofiga asfalt, beton qoplamalari tekis toʻshalgan. Biroq, ayrim fuqarolar ichki yoʻllarning qatnov qismida avtomobillar harakat tezligini kamaytirish uchun oʻzboshimchalik bilan qoʻlbola sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatgan. Bunday holatlar koʻp qavatli uylar atrofida ham kuzatiladi. Vaholanki, 2022-yilda hukumat qarori bilan tasdiqlangan yangi shakldagi yoʻl harakati qoidalarining 4-bandiga koʻra, yoʻl harakati qatnashchilari yoʻldagi boshqa harakat qatnashchilarining harakatlanishiga toʻsqinlik qilmasligi va xavf tugʻdirmasligi kerak. Mazkur qaror imzolanganiga salkam uch yil boʻldi. Qarorning ijrosi masalasida oqsoqlanishlar bordek.
— Bu sunʼiy toʻsiqlar faqat bolalar xavfsizligini oʻylab oʻrnatilganda, koʻpchilikda norozilik boʻlmasdi, — deydi oʻzining ism-sharifini oshkor qilishni xohlamagan hamyurtimiz. — Eski shahar mahallasidagi Ch.Safarov nomidagi koʻchada shunday toʻsiqlar qoʻyilganki, hatto velosipedchilar, piyodalar harakatlanishida ham qiyinchilik tugʻdirmoqda. Kunduzi-ku mayli, bir amallab toʻsiqlarni chetlab oʻtsa boʻladi. Tunda-chi? Qancha velosipedchilar, piyodalar shu toʻsiqqa urilib jiddiy jarohat olmoqda. Issiq jon. Elchilik. Sunʼiy toʻsiqlar bilan ihotalangan koʻchalardan “Tez yordam” mashinasi qanday oʻtadi? Oʻt oʻchiruvchi mashinalarga ehtiyoj tugʻilganda-chi?
Bugun aholi gavjum joylarda, xususan, maktab, bolalar bogʻchasi, oshxona va masjidlar oldidagi yoʻlda transport harakatining tezligi soatiga 30 kilometrdan oshmasligi belgilangan. Tegishli belgilar oʻrnatilgan. Toʻgʻri, hamma haydovchi ham bu qoidaga amal qilmaydi. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida taʼlim muassasalari va boshqa aholi gavjum boʻladigan joylarda transport harakati tezligini cheklash maqsadida Surxondaryo viloyati YHXB tomonidan zamonaviy bordyurlar oʻrnatilmoqda. Qolaversa, YHXB xodimlarining kundalik xizmat jarayoni avtomobil yoʻli yoqasida joylashgan maktablar oldida boshlanadi.
— Koʻp maktablar oldida tezlikni cheklaydigan sunʼiy tepaliklar oʻrnatilmoqda, — deydi haydovchi Ilhom Moʻminov. — Oldindan ogohlantiruvchi yoʻl belgilari mavjud. Bu yaxshi, lekin fuqarolar oʻz uylari, baʼzi muassasalar, korxona va tashkilotlar oldida oʻrnatgan qoʻlbola toʻsiqlar haydovchilarni shoshirib qoʻyadi. Mashinasiga texnik jihatdan jiddiy shikast yetkazadi. Mahallalar ichki yoʻllarining qatnov qismida koʻp hollarda yosh bolalar qarovsiz oʻynab yuradi. Yoʻl belgilari va yoʻllarda joy nomlari noaniqligi sabab koʻp toʻsiqlarga duch kelamiz. Yoʻl belgilari kamligi yoki noaniq joylashgani uchun avtohalokatlar yuz bermoqda. Yoʻlda harakatlanish madaniyatiga faqat haydovchilar emas, piyodalar ham amalga qilishsa, manzilga xotirjam va xavfsiz yetib olishimizga ishonchim komil.
Mahalladagi ichki yoʻllarga sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatish jarimaga ham tortilishini aslo unutmang! Hamma joyda inson aziz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring