Sudlarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq ishlarni koʻrish tartibi takomillashtiriladi — Qonun loyihasi

12:49 07 Fevral 2023 Siyosat
612 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Sudlarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq ishlarni koʻrish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda sudlar tomonidan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq nizolarni hal etishdagi muammolarni oʻrganish natijalariga koʻra, mazkur toifadagi ishlarda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini belgilash, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni uzoq muddatli ijaraga berish majburiyatini yuklash haqida qarorlar qabul qilinayotgani aniqlanmoqda.

Oʻz navbatida, bunday qarorlar asosida oʻzboshimchalik bilan egallangan yer maydonida qurilgan binolarga noqonuniy egalik huquqi belgilanayotgani yoki egalik huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kadastr va mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga majburiyat yuklamoqda.

Ushbu toifadagi ishlarni koʻrish tartibini takomillashtirish maqsadida sudlar tomonidan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bogʻliq ishlarning muhokamasida prokurorning majburiy ravishda ishtirok etishini belgilash zaruriyati vujudga kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, bu sohada qonuniylikni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining bir qator kodeklariga sudlar tomonidan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bogʻliq ishlarda prokurorning majburiy ishtirok etishini belgilovchi oʻzgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlari himoya qilinishining taʼminlanishiga, sudlarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq ishlarni koʻrish tartibi takomillashtirilishiga erishiladi.

Majlisda deputatlar tomonidan koʻtarilgan savollar va takliflar yuzasidan tashabbuskorlar tomonidan atroflicha javoblar olinib, qonun loyihasi qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер