“Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga oʻzgarish kiritiladi

14:07 03 Dekabr 2024 Siyosat
588 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi. Shuningdek, “Sudlarning faoliyatiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy sud raisi oʻrinbosari Shuhrat Polvonov maʼruza qilgan. Majlisda qayd etilganidek, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash maqsadida mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilib borilayotgan islohotlar bilan bir qatorda, ayni vaqtda sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini sudlar faoliyatiga keng joriy etish zarurati mavjud.

Amaldagi tartibga koʻra Oliy sud raislarining oʻrinbosarlari – tegishli sudlov hayʼatlari raislari lavozimiga aniq yoʻnalish (maʼmuriy, fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy) boʻyicha saylanishi belgilangan. Oliy sud sudyalariga nisbatan esa, aniq yoʻnalish boʻyicha saylanish tartibi joriy etilmagan. Bu esa, sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini keng joriy etishga toʻsqinlik qilib, Oliy sud raisi oʻrinbosarlarini bir sudlov yoʻnalishidan boshqa bir sudlov yoʻnalishiga oʻtkazish (rotatsiya qilish) imkonini bermaydi.

Shu munosabat bilan, qonun loyihasida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga Oliy sud tarkibining sudlov hayʼatlari raislari bilan bogʻliq oʻzgartirish kiritish nazarda tutilmoqda. Deputatlar tomonidan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, odil sudlov sifatini yuksaltirish hamda mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzini koʻtarishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Yuqorida aytilganidek, “Sudlarning faoliyatiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, yangilangan Konstitutsiyamizda sudlarning faoliyati hamda shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishga oid bir qator konstitutsiyaviy kafolatlar belgilandi. Bu oʻz navbatida, amaldagi qonunlarning tegishli normalarini yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishni talab etmoqda.

Qonun loyihasi bilan, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunga Sudyalar oliy kengashi tarkibi, shu jumladan, Kengash raisi, rais oʻrinbosari, uning aʼzolari va kotibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi, shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudyalar oliy kengashining raisi, rais oʻrinbosari etib saylanishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilyapti.

“Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga odil sudlov faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari nafaqat barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar, balki fuqarolik jamiyati institutlari uchun ham majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, shaxslarning nafaqat davlat organlari, balki boshqa tashkilotlarning ham qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, “aybsizlik prezumpsiyasi” va “Habeas korpus” institutini yanada qaror toptirishga oid qoidalar kiritilyapti. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер