Sud qarorlarini qayta koʻrishning yangi mexanizmlari
“Adolat” SDP fraksiyasining yigʻilishida koʻrib chiqilgan dastlabki hujjat — “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi boʻldi.
Soʻnggi yillarda “Yangi Oʻzbekiston – yangi sud” prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga, insonning qadr-qimmati ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻtgan davrda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash boʻyicha ulkan ishlar qilindi.
Natijada odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi. Shu bilan birga, bugungi kunda sud qarorlarini qayta koʻrish institutining tahlili mazkur institutni takomillashtirish orqali amaldagi tartibni qayta koʻrib chiqish zarurligini koʻrsatmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan sud qarorlarini qayta koʻrishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek fuqarolar va tadbirkorlarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, sudning ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi intstitut – sud ishlarini taftish tartibida koʻrib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda. Yaʼni, qonun loyihasida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda appellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish vakolati berilyapti.
Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayadi. Bunda birinchi instansiya sudining qaroridan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida koʻrib chiqiladi. Sud ishidan yana norozi boʻlingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hayʼatida qayta koʻrib chiqiladi.
Qonun loyihasi sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirish, sud qarorlarini qayta koʻrishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Fraksiya azolari ushbu qonunning “Adolat” SDP maqsad va gʻoyalari bilan uzviy bogʻliq holda ishlab chiqilgani, uning qabul qilinishi adolatli jamiyat yaratishning asosiy boʻgʻini hisoblangan sud tizimining yanada mukammallashuviga, fuqarolarga ushbu tizimda qulaylik va yengillik yaratilishiga imkoniyat yaratishini qayd etdilar. Qonun loyihasi yuzasidan partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Yigʻilishda deputatlar tomonidan koʻtarilgan savollar va takliflar yuzasidan mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar olinib, mazkur qonun loyihasi maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring