“Stranja Cup-2022” xalqaro turniri qahramonlari yurtimizga qaytib kelishdi
Nufuzli musobaqada umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egallagan bokschilarimiz Oʻzbekistonga qaytishdi, ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Xabar berganimizdek, Bolgariyaning Sofiya shahrida “kichik jahon chempionati” sifatida eʼtirof etiladigan anʼanaviy “Stranja Cup-2022” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi. 73-marotaba tashkil etilgan musobaqada jahonning 37ta mamlakatidan 370 nafardan ortiq erkak va ayol bokschilar gʻoliblik uchun ringga koʻtarilishdi.
Musobaqa erkaklar oʻrtasida 13ta, ayollar oʻrtasida esa 12ta vazn toifasida tashkil etildi. Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur turnirda 8 nafar erkak va 5 nafar ayol bokschi bilan qatnashib, yakunda 6ta oltin hamda bitta bronza medalini qoʻlga kiritgan holda umumjamoa hisobida 1-oʻringa sazovor boʻldi.
Alohida qayd etish kerak, Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina kabi terma jamoalar ikkita tarkib bilan ishtirok etgan “Stranja Cup-2022” xalqaro turnirida vakillarimizning bunday natija qayd etishi boks hamjamiyati orasida katta shov-shuvga sabab boʻldi.
Bugun yarim tunda ushbu musobaqada ishtirok etgan charm qoʻlqop ustalarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosarlari Shahrullo Mahmudov, Abdulla Aslonov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari, sportchilarimizning oila aʼzolari, muxlislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Eslatib oʻtamiz, terma jamoamiz safida quyidagi bokschilarimiz sovrindor boʻlishdi:
Oltin medal:
-51 kg: Hasanboy Doʻsmatov,
-57 kg: Abdumalik Xalakov,
-63,5 kg: Mujibillo Tursunov,
-80 kg: Odiljon Aslonov,
-92 kg: Madiyar Saidrahimov,
+92 kg: Lazizbek Mullajonov.
Bronza medali:
-52 kg: Tursunoy Rahimova.
Maʼlumot uchun, musobaqa tashkilotchilari tomonidan oltin medal sohiblari 4 ming Yevro, kumush medalni qoʻlga kiritgan sportchilar 2 ming Yevro hamda bronza medaliga sazovor boʻlgan bokschilar 1 ming Yevro miqdoridagi pul mukofotlari bilan bilan taqdirlanishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring