Stenfordni zabt etgan buxorolik oʻquvchi
Shu kunlarda Buxoroning dongdor hunarmandlaridan biri Baxshulla Jumayevning kayfiyati oʻzgacha. Zardoʻzlikni sanʼat darajasiga koʻtarib, dunyoning yigirmadan ziyod davlatidagi nufuzli xalqaro koʻrgazmalarda qatnashgan, nafaqat Oʻzbekiston, balki xorijda ham koʻplab shogirdlari boʻlgan yurtdoshimiz bu gal shaxsiy muvaffaqiyati emas, nevarasi erishgan yutuqdan boshi osmonda.
— Amirbek dunyoning eng nufuzli hisoblangan Stanford, Caltech, Brown universitetlariga toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilindi, — deydi u quvonchini doʻst-birodarlari bilan baham koʻrarkan. — Qarang-a, farzand-u nevaralarimiz bizdan oʻzib ketishyapti. Shunday kunlarga yetkazganiga shukr. Bir paytlar qoʻliga oddiy bir tikan kirsa oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolardim. Yaratganning inoyatini koʻring, endi nevaramning yutuqlarini koʻrib yer-u koʻkka sigʻmay ketyapman.
— Danagi mevasidan shirin-da, — deydi bunga javoban hunarmand musavvir Aslon Ramazonov. — Qolaversa, bola boshdan, deyishadi. Muzeymonand ustaxonangizda Amirbekning xorijiy sayyohlar bilan ingliz tilida biyron gaplashib turganiga, mehmonlar uning bilimi, aql-u zakovatiga tan berishganiga koʻp bor guvoh boʻlganman.
Buxoro shahridagi 1-umumtaʼlim maktabining yuqori sinf oʻquvchisi Amirbek Baxshullayev erishgan natija chindan ham havas qilsa arzigulik. 16 yoshli yigitcha yaqinda muddatidan avval chet elning beshta universitetida tahsil olish imkonini beradigan, umumiy miqdori 2 million AQSH dollari miqdoridagi grant gʻolibi boʻldi. Amirbekning bu yutugʻi mamlakatimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, albatta.
— Hunarmandlar oilasida tugʻilib oʻsdim, — deydi Amirbek. — Eski shaharning qoq markazida yashaymiz. Oilaviy ustaxonamizdan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Shu paytga qadar mingdan ziyod xorijiy turist bilan suhbatlashganman. Ustozlarimning koʻmagi, qolaversa, jonli muloqot til oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqimni kuchaytirdi. Stanford universitetining toʻliq grantini qoʻlga kiritdim. Bu oliy oʻquv yurtida shartnoma toʻlovlaridan tashqari transport, yotoqxona, oziq-ovqat xarajatlari ham toʻlab beriladi. Yadro muhandisligi yoʻnalishida tahsil olmoqchiman. Yadro sintezi harakatlantiruvchisi deb nomlanadigan texnologiya ustida ishlash niyatim bor. Tahsildan soʻng Oʻzbekistonga qaytib, shu soha rivoji uchun xizmat qilmoqchiman. Toki, elektr energiyasi bilan bogʻliq muammo boʻlmasin.
Bundan tashqari, u zardoʻzlik uy-muzeyini yanada kengaytirish, shu orqali boy milliy madaniyatimiz dovrugʻini dunyoga keng yoyishga hissa qoʻshish niyatida.
— Bilishimcha, Oʻzbekiston chet elda oʻqishni ragʻbatlantiradigan kam sonli davlatlardan biridir, — deya davom etadi Amirbek. — Yurtimizda biz, yoshlarning sifatli taʼlim olishimiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Men tengdoshlarimni shu imkoniyatlardan oqilona foydalanishga daʼvat etaman.
Eʼtiborlisi, viloyatda A.Baxshullayev singari bilimga, oʻqib-oʻrganishga tashna yoshlar safi tobora kengaymoqda. Biz bu oʻrinda birgina misol bilan cheklanmoqchimiz. Buxoro shahridagi 26-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari Dilnura Saidova hamda Sabina Qoyirova ham yaqinda xalqaro va milliy sertifikatlar asosida ingliz tili, ona tili, matematika va tarix fanlaridan 189 balldan toʻplab muddatidan oldin oliy oʻquv yurtida tahsil olish imkonini qoʻlga kiritdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring