Sport maydonida — nuroniylar
Foto: Халқ сўзи
Samarqand shahrida nuroniylar oʻrtasida “Sogʻlom va zavqli hayot uchun!” shiori ostida sogʻlomlashtirish musobaqasi oʻtkazildi.
Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qoʻmitasi, viloyat sportni rivojlantirish hamda mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan musobaqada tuman va shaharlardan 200 nafarga yaqin nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdi.
Sogʻlomlashtirish musobaqasi yugurish, basketbol toʻpini savatchaga tushirish, shaxmat, shashka kabi turlar boʻyicha oʻtkazildi. Har bir ishtirokchi, avvalo, shifokorlar koʻrigidan oʻtkazilib, belgilangan sport turlariga yoʻnaltirildi.

— Har kunim ertalabki badantarbiya, yurish va velosiped haydash bilan boshlanadi, — deydi samarqandlik onaxon Gulruh Yusupova. — Yoshimga mos trenajyor mashqlarini ham bajarib turaman. Eng muhimi, sogʻlom va baquvvat boʻlishga intilaman. Sport bilan oshno boʻlgan kishining ishi dorixonaga tushmaydi. Keksalar oʻrtasidagi musobaqada ilk bor qatnashyapman. Tengdoshlar bilan bellashish zavqli ekan. Endi bunday musobaqalarda muntazam qatnashaman.
Musobaqa davomida 80 yoshdan oshgan otaxon va onaxonlarning ishtirokini koʻrib, oʻzgacha zavq olasiz. Bunday ulugʻ yoshda yugurib, basketbol oʻynayotgan nuroniylarimiz sizu bizga sogʻlom turmush tarzining nechogʻlik ahamiyatli ekanini yana bir bor eslatadi. Musobaqadan koʻzlangan maqsad ham shu - sergʻayrat nuroniylarni barchaga oʻrnak qilib koʻrsatgan holda sportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdir.

— Yoshim 82 da, ammo oʻzimni 40-50 yoshlardagidek yengil his qilaman, — deydi ishtixonlik Qahrabon bobo Namozov. — Oʻn yildan oshdi, gazetada sogʻlom hayot sirlarini oʻqib, ularga amal qilishni boshladim. Ungacha holsiz, kasalmand boʻlib yurardim. Har kuni qatʼiy belgilangan tartibda kunlik badantarbiya mashqlarini bajaraman. Natija kutganimdan ham aʼlo. Sogʻlom va tetikman. Bugungi bellashuvda yugurdim. Basketbol toʻpini savatchaga tushirishga harakat qildim. Eng muhimi, tengdoshlarim bilan yugurib, yoshlikni esladik, suhbatlashib, hordiq chiqardik. Bizning yoshimizda tik oyoqda turib, hayot zavqini tuyish — bu baxt.
Musobaqa yakunida barcha ishtirokchilar, gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, musobaqa doirasida yurtimiz sportini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan bir guruh sport faxriylariga “Oʻzbekiston sporti faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirildi.
— Sohadagi mehnatlarimiz inobatga olinib, eʼtibor koʻrsatilganidan boshim osmonga yetdi, — deydi “Oʻzbekiston sporti faxriysi” koʻkrak nishoni sohibi Salom Hakimov. — Bugungi kunda ham Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filialida faoliyat yuritib, yurtimiz sportini rivojlantirishga oʻz hissamni qoʻshishga harakat qilmoqdaman. Bu ragʻbat bizni yanada masʼuliyatli boʻlib, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga undaydi. Albatta, ishonchni oqlab, yosh mutaxassislarga oʻz bilim va mahoratimizni chuqur oʻrgatib, yurtimiz bayrogʻini baland koʻtaradigan sportchilarni tarbiyalab beradigan mutaxassislarni tayyorlaymiz.
Darvoqe, bu nuroniylar uchun Xorazm va Toshkent viloyatlariga bepul sayohat tashkil qilish ham maqsad qilingan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring