“Spirtnoy”i bor ziyofat 9 million so‘mga tushdi
Illyustrativ foto
Sobiq sinfdoshlar uzoq yillik ayriliqdan so‘ng bir davrada jamlandilar. Miriqib suhbat qurishdi, maktab chog‘larni xotirlashdi. Dasturxonda barcha nozu ne’matlar muhayyo edi. Gurung qizib, bolalik chog‘larida sinfning olg‘ir bolalaridan bo‘lganligini eslashib, hatto bir qancha “spirtnoy”larni bo‘shatib qo‘yishganini ham sezmay qolishdi. Axiyri, ziyofat tugab, barcha tarqaldi...
Abror esa arang oyoqda turar, shunday bo‘lsada, sir boy bergisi kelmasdan mashinasiga o‘tirdi. Marhamat tumani ko‘chalarida avtomashina radiosida ijro etilayotgan ashulaga jo‘r bo‘lib ketayotgan mahal yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatildi.
- Aka tinchlikmi,- dedi, u mashina oynasidan boshini hiyol ko‘tararkan.
- Hurmatli fuqaro, nazorat uchun hujjatlaringizni taqdim etsangiz,-xodim haydovchiga yuzlandiyu, undan aroqnnng hidi kelayotganini angladi. -Spirtli ichimlik iste’mol qilgan ko‘rinasiz, sizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishimiz lozim.
- Yo‘q, men hech qayerga bormayman, hech qanday tekshiruvdan ham o‘tmayman,- oyoq tirab turib oldi Abror.
- Oldin ham mast holda avtomashinani boshqarganingiz uchun “prava”ngizdan ayrilgan ekansiz. Bu holat yana takrorlanyapti. Sizga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi, - tushuntirdi osoyishtalik posbonlari.
Oradan bir muddat o‘tib, ish sudgacha oshdi. Oqibatda Abror Sukltonov ( ayrim sabablarga ko‘ra ism-sharif o‘zgartirilgan) ga 9 mln. so‘m jarima qo‘llandi. U jarima pulini to‘larkan: “Eh, attang... Shu ziyofatda ichmasam bo‘larkan”,- deya afsuslandiyu, biroq endi kech bo‘lgandi. Aytadilarku: “So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman”
Oyistaxon ABDURAHMONOVA,
MIBning Andijon viloyat boshqarmasi katta inspektori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring