Vahima qilish emas, birlashish vaqti keldi
Bir necha kundan buyon koʻcha-kuyda, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasi fuqarolarimiz uchun eng asosiy mavzuga aylandi.
Ayniqsa, mamlakatimizda ham koronavirus bilan kasallanish holati qayd etilgani toʻgʻrisidagi bugungi xabardan soʻng muhokamalar yana-da qizgʻin tus oldi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, joriy yilning 11-mart kuni Prezidentimizning mazkur kasallikni ortiqcha talafotlarsiz oʻtkazish boʻyicha boʻlib oʻtgan yigʻilishidagi topshiriqlari asosida hukumat tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgani va u izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻtkazilgan bugungi majlis hamda brifingda batafsil axborot berildi.
Bundan keyin ham kasallik profilaktikasi va uning keng tarqalmasligi uchun mutasaddi tashkilotlar barcha choralarni koʻradi.
Mazkur jarayonlarda kasallikni keng tarqalmasligi va oldini olish boʻyicha deputatlarimiz tomonidan ham aholi orasida keng tushuntirish ishlari olib borishlari lozim boʻladi.
Hurmatli fuqarolar, ushbu kasallik sizni chetlab oʻtishi uchun, eng asosiy masʼul avvalo oʻzingiz boʻlasiz.
Shaxsiy gigiyena qoidalariga muntazam amal qilish, tegishli himoya vositalaridan foydalanish va boshqa zaruriy ehtiyot choralarini koʻrish orqali siz oʻzingiz hamda yaqinlaringizni koronavirus infeksiyasidan bemalol himoyalashingiz mumkin.
Bundan tashqari, ushbu kunlarda xalqimizga xos boʻlgan ogʻir-vazminlik, birning muammosini el muammosi deb qabul qilish, sinovlarda birlashish kabi azaliy qadriyatlarni koʻrsatish vaqti keldi.
Unutmang, vahima qilish bilan kasallik chekinib qolmaydi, aksincha uning talafatlari ortishi mumkin.
Shu boisdan har birimiz oʻz sogʻligʻimizni asrash orqaligina koronavius infeksiyasini mamlakatimizda keng tarqalishini oldini olishimiz mumkin. Zero, vahima qilish emas, birlashish vaqti keldi.
Narimon UMAROV,
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring