Soliq to‘lashda imtiyozlar berilyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Ushbu qonun loyihasi partiya elektorat manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lib, Soliq kodeksining 482 va 483-moddalariga qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda. Ya’ni, loyiha bilan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” Dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlariga qarab, soliq imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, aylanmadan olinadigan soliqlarni yaratilgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilmoqda.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvargacha “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, soliq ma’murchiligini soddalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi, aholi bandligi o‘sishiga xizmat qilishini e’tirof etdilar. Yangi normalarning amaliyotga joriy etilishi respublikada kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida qilinayotgan ishlarni rag‘batlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi. Deputatlar ayrim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashgach, qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring