Soliq maʻmuriyatchiligini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

13:40 23 Noyabr 2023 Jamiyat
265 0

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Xalqaro valyuta jamgʻarmasining fiskal departamenti vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Axadbek Xaydarov boshchiligidagi vazirlik xodimlari hamda Vinsent de Pol Kukpayzan boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasi vakillari Jon Middlton, Supriyo De va Modestas Kaselyauskas ishtirok etdi.

Uchrashuvda joriy yilning iyul oyida Vinsent de Pol Kukpayzan boshchiligida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasi tomonidan tayyorlangan Oʻzbekiston soliq maʻmuriyati holatini diagnostik baholash vositasi (TADAT)ning yakuniy hisoboti natijalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston soliq tizimi va maʻmuriyatchiligi sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar hamda erishilgan natijalar alohida taʻkidlandi.

Maʻlumot uchun: “TADAT” (Tax Administration Diagnostic Assessment Tool) – 9 ta faoliyat sohasini hisobga olgan holda 32 ta yuqori darajadagi koʻrsatkich boʻyicha mamlakat soliq maʻmurchiligining asosiy tarkibiy qismlari, ularning kuchli va zaif tomonlarini obyektiv baholash uchun moʻljallangan vosita.

Shuningdek, tomonlar oʻrtasida Oʻzbekiston soliq siyosati va soliq maʻmuriyatchiligini takomillashtirish, xususan, xufiyona (yashirin) iqtisodiyotni qisqartirish, soliq xavflari va soliq nizolarini boshqarish hamda soliq tizimini takomillashtirish uchun zarur boshqa masalalarda kelgusida Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan texnik koʻmak jalb etish yuzasidan fikr almashildi.

Yakunda missiya oʻrganishlarining natijalarini muhokama qilish uchun qoʻshimcha uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер