Soliq imtiyozlari berilyapti

10:15 11 Iyul 2023 Siyosat
520 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda muhokama etildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Ekologik partiyasining dasturida ham mamlakatda “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, qayta tiklanuvchi va boshqa muqobil energiya manbalarini tadbiq etish jarayonlarini faollashtirish borasida alohida maqsad va vazifalar belgilab olingan.

Sohaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator soliq imtiyozlari belgilanmoqda.

Xususan, umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanadigan energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa sotilgan elektr energiyasidan olinadigan daromadlarni foyda soligʻidan ozod etish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarni mol-mulk soligʻidan, qurilmalar bilan band boʻlgan yerlar boʻyicha yer soligʻidan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Yerdan oqilona foydalanish, koʻp qavatli ishlab chiqarish binolarini qurish hamda hududlarning sanoat salohiyatini kengaytirish maqsadida koʻp qavatli ishlab chiqarish binolarini foydalanishga topshirgan tadbirkorlarni mol-mulk soligʻini pasaytirilgan koeffitsiyentlarda toʻlashga doir imtiyozlar belgilash koʻzda tutilmoqda.

Yigʻilishda fraksiya aʼzolari qonun loyihasi Oʻzbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsad va vazifalarini oʻzida aks etganligini inobatga olib, uni ikkinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatladilar.

Kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер