Soliq idoralari qoʻllayotgan ayrim jarimalar soni va miqdori meni xavotirga solmoqda — Prezident
Unda davlat rahbari soliq tizimini takomillashtirishga oid yangiliklarni maʼlum qildi.
«Soliq maʼmurchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur.
Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab soliq idoralari oʻz elektron dasturlari orqali biznes subyektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yoʻlga qoʻyadi.
Hozirda, 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yoʻq. Oqibatda, soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.
Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bogʻliq moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi esa toʻliq bekor qilinadi.
Shuningdek, soliq idoralari qoʻllayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani, meni xavotirga solmoqda. Oʻtgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan boʻlsa, joriy yil 6 oyda 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard soʻmdan ortiq jarima belgilangan.
Shuning uchun Qoʻchqorov, Ishmetov, Qudbiyev, Davletov, Qosimov bir oy muddatda, soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga koʻra, moliyaviy jarima qoʻllash amaliyotini bekor qilish boʻyicha taklif kiritsin.
Oltinchidan, amaldagi tartibga koʻra, tadbirkorlar qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hisobot topshirishi bilan birga, undagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur.
Bu – 14 ming tadbirkorning faoliyatiga bevosita bogʻliq boʻlib, ular uchun qoʻshimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik degani.
Ishmetov, Qudbiyev bu masalani chuqur oʻrganib, kelgusi yildan qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshimcha hujjatsiz qaytarish tartibini amaliyotga joriy etsin.
Yettinchidan, «Sag-Agro» korxonasi rahbari Kamol Abdullayev va boshqa 200 dan ortiq tadbirkorlar soliq va bojxona idoralariga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻini “zachyot”ga olish, yaʼni oʻzaro hisob-kitob qilish imkoniyatini soʻragan.
«Sag-Agro» korxonasining soliq bazasida 700 million soʻm ortiqcha toʻlovi boʻla turib, bojxonada 1,4 milliard soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshimcha toʻlashga majbur boʻlgan.
Shuning uchun, kelgusi yildan boshlab, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari oʻzaro bogʻlanadi.
Yaʼni, soliq idoralarida mavjud qoʻshilgan qiymat soligʻi ortiqcha toʻlovlar bojxona toʻlovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin boʻladi», dedi davlat rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring