Soxta dori vositalari ishlab chiqargan Hindistonning 18 ta farmatsevtika kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi
Illyustrativ foto
Manbaning maʼlum qilishicha, sifatsiz dori vositalari ishlab chiqarishga qarshi maxsus harakatning birinchi bosqichida 76 korxonaga nisbatan chora koʻrilgan.
Sifatsiz dori-darmonlarni ishlab chiqarishga qarshi keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida markaziy va davlat nazorat organlari 76 farmatsevtika kompaniyasida birgalikda tekshiruv oʻtkazdi. Ulardan 18 tasida soxta dori vositalari ishlab chiqargani uchun litsenziyalari bekor qildi. Tekshiruvlar soʻnggi 15 kun ichida mamlakat boʻylab oʻtkazilgan.
Manbaning maʼlum qilishicha, sifatsiz dori vositalari ishlab chiqarishga qarshi maxsus harakatning birinchi bosqichida 76 korxonaga nisbatan chora koʻrilgan.
“Soxta dori vositalari ishlab chiqarish hamda ishlab chiqarish amaliyoti qoidalarini buzganlik uchun 18 ta farmatsevtika kompaniyasining litsenziyalari bekor qilindi. Bundan tashqari, yana 26 tasiga sabablar yuzasidan ogohlantirish berildi”, deyiladi manbada. Manbada aynan qaysi kompaniyalarning litsenziyalari bekor qilingani aytilmagan.
Taʼkidlashicha, maxsus harakat doirasida regulyatorlar 203 ta firmani aniqlagan. Kompaniyalarning aksariyati Himachal-Pradesh, Uttarakxand va Madxya Pradesh shtatlarida faoliyat olib borgan.
Soʻnggi paytlarda Hindistonda joylashgan kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan dori-darmonlarning sifati haqida savollar paydo boʻldi.
Fevral oyida Tamil Naduda joylashgan “Global Pharma Healthcare” kompaniyasi koʻz tomchilari AQSHda koʻrish qobiliyatini yoʻqotish bilan bogʻliq salbiy taʼsirlarga sabab boʻlgani maʼlum boʻlgandi. Bungacha Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtal siroplari oʻtgan yili Gambiya va Oʻzbekistonda bolalar oʻlimiga aloqadorligi aniqlangan edi.
Xususan, 2022-yil dekabr oyida Samarqandda “Dok-1 Max” preparatidan 18 nafar bola vafot etgan edi. Shundan keyin Farmatsevtika agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyev, shuningdek, “DOK-1 Max” va “AMBRONOL” siropi nojoʻya taʼsiri sababli “oʻtkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan bolalar vafoti boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.
“Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining sifat nazorati milliy laboratoriyalari tomonidan oʻtkazilgan «Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Ambronol” va “DOK-1 Max” siroplari namunalarining laboratoriya tahlili shuni koʻrsatdiki, har ikkala mahsulotda ham zahar moddalar sifatida qabul qilib boʻlmaydigan miqdorda diyetilen glikol va etilen glikol mavjud», deya qayd etgandi JSST oʻz bayonotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring