Soʻxlik 92 yoshli Fotima-Zuhrolar
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Soʻx tumani koʻhna tarix va zamonaviy taraqqiyotni oʻzaro uygʻunlashtirgan tabiati goʻzal, odamlari mehnatkash, mehmondoʻst maskan. Tumanda Gʻaznaviylar sulolasi, Mirzo Boburdan meros ziyoratgohlarning hamon saqlanib qolgani u naqadar boy kechmishga ega ekanligidan dalolat beradi.
Soʻxning musaffo tabiati, zilol suvlari, purviqor togʻlari, bu yerliklarning oʻzaro mehr-oqibati kuchli ekanligi inson umrini uzaytiruvchi muhim omillardan boʻlsa, ne-ajab. Boisi soʻxliklar azaldan uzoq umr koʻrib, keksaygan chogʻida ham bardam, sogʻlom yashaydi. Bugungi kunda bu goʻshada bir asrlik umr dovonidan oshgan va yaqinlashayotgan piru badavlat nuroniylar koʻpchilikni tashkil etadi.

Tumanning Qizilqiyoq mahallasida istiqomat qiluvchi 92 yoshli egizaklar – Fotima va Zuhro momoga barchaning havasi keladi. Keyingi yillarda Fotima onaning oyoqlari ogʻrib, yurishga qiynaladi. Shu sababli singlisi kunda kunora bir chaqirim naridagi qishloqdan opasini koʻrgani keladi. Piyoda koʻp yurishni odat qilgani uchun Zuhro momo oʻzini hamisha tetik va bardam his qiladi.
Opa-singillarning bolaligi urush yillari va undan keyingi qiyinchiliklarga toʻri keldi. Sahro, tosh-adir yerlarni oʻzlashtirishda mehnat qilib, qoʻllari qavardi. Qahatchilik, ocharchilik yillarini koʻrishdi. Ammo oʻzaro mehr-oqibat har qanday ogʻir sharoitda ham ularga kuch, tirgak boʻldi.
—Opamni koʻrsam, eng shirin xotiralar, yaqinlar diydori esga tushadi,—deydi Zuhro momo.—Shuning uchun ham har koʻrishganimizda suhbatimiz tugamaydi, miriqib gurunglashamiz, bolalikni, ota-onalarimizni esga olamiz.

Bu dunyoda mehr qahat boʻlmasligi kerak. Dunyoni asrovchi, inon umrini uzaytiruvchi tuygʻu – mehrdir. Yaqinlariga mehribon odamdan yomonlik chiqmaydi. Shu bois doim bir-birimizga mehr beraylik!
Hozirda bu piru badavlat egizaklar 100 nafardan ziyod nabira-chevaralar ardogʻida umrgazuronlik qilmoqda. Shundan boʻlsa kerak, sulola vakillari bir joyda jam boʻlishganda oila kayvoniylari bugungi dorilamon kunlar, yurtimizdagi tinch va farovon hayot bardavom boʻlishi uchun duoga qoʻl ochadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring