Soʻx voqealari oʻzbek-qirgʻiz xalqlari doʻstligiga raxna sololmaydi

11:03 04 Iyun 2020 Siyosat
1698 0

Oʻzbek va qirgʻiz xalqi azaldan yaxshi qoʻshni, bir-biriga yoʻldoshu qoʻldosh boʻlib yashab kelgan. Shuning uchun bobolarimiz quda-andachilik qilib, ahil-inoq hayot kechirgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatida, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratib kelmoqda. Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi integratsiya jarayonlari va sheriklik aloqalari faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Qirgʻiziston Respublikasi bilan aloqalar ham yangi qiyofa ochib borayotgani ham shular jumlasidandir.

Ikki davlat oʻrtasida shunday yaqin qoʻshnichilik, strategik sheriklik tobora mustahkamlanib borayotgan bir paytda 2020-yil 31-may kuni Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat chegarasi “Chashma” uchastkasida chegaradosh hudud aholisi oʻrtasida mahalliy darajadagi hodisa yuz berganidan xabaringiz bor.

Mazkur hodisaning kelib chiqish sabablari oʻrganilganda, Chashma bulogʻi ariqlarini birgalikda tozalash paytida yuzaga kelgan bahslashuv natijasida ikki mamlakatning ayrim fuqarolari oʻrtasida mojaro kelib chiqqan.

Davlatimiz rahbari mazkur hodisani shaxsan oʻz nazoratiga olib, voqea joyiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini yubordi. 2020-yil 1-iyun kuni ikki davlat hukumat rahbarlari ishtirokida mazkur masalalarni hal etishga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish va chegarada yuzaga keladigan muammolarni doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik hamda strategik sheriklik ruhida hal qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, kecha Soʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun Bosh vazir oʻrinbosarlari va tegishli vazirliklar mutasaddilari ushbu hududga borishdi.

Fargʻona viloyatining anklav hududi hisoblangan Soʻx tumanida salkam 30 yil davomida yechimini kutib turgan koʻplab masalalar boʻyicha Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra ishlar boshlab yuborildi.

“Qirgʻiziston – bizning yaqin qoʻshnimiz. “Chashma” chegaraoldi hududida roʻy bergan hodisa bilan bogʻliq masalalarni batafsil koʻrib chiqib, bunday vaziyat boshqa takrorlanmasligi uchun mukammal choralar qabul qilish muhim” -deb taʼkidladi yurtboshimiz Qirgʻiziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqotida.

Qayd etish kerakki, ikki davlat fuqarolari oʻrtasida bu mojaroni keltirib chiqargan fitnachilar, albatta, oʻz jazosini oladi. Bu holat Oʻzbekiston-Qirgʻiziston mamlakatlarining doʻstligiga raxna sololmaydi. Zotan, qirgʻiz va oʻzbek xalqlarining doʻstona munosabatlari, oʻzaro ishonchning mustahkamlanishida tinchlik va barqarorlikning ahamiyati juda kattadir.

K.Burxanov,
Oliy Majlis Senatining 

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер