Soʻx tumanida zamonaviy mezonlar asosida taʼmirlangan “Doʻstlik” istirohat bogʻi ish boshladi

11:25 07 Aprel 2026 Jamiyat
207 0

Fargʻona viloyatining bir qator shahar-tumanlarida madaniyat va istirohat bogʻlari bugungi kun talabi hamda ehtiyoji asosida mukammal taʼmirdan chiqarilib, hordiq chiqaruvchilar uchun barcha qulayliklar muhayyo etilmoqda.

Ezgu tashabbus doirasida Fargʻona shahri, Quva, Fargʻona, Yozyovon, Beshariq kabi tumanlarda markaziy istirohat bogʻlari yangi qiyofada namoyon boʻlishiga erishilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad esa hudud aholisi uchun shanba-yakshanba kunlari va ishdan boʻsh vaqtlarda maroqli dam olish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.

Bu boradagi izchil saʼy-harakatlar samarasi sifatida Soʻx tumanida joylashgan “Doʻstlik” istirohat bogʻi yana tuman ahli uchun oʻz bagʻrini ochdi. Gap shundaki, bundan oʻn yillar oldin bunyod etilgan ushbu dam olish maskani biroz muddat faoliyat koʻrsatgan edi. Shundan soʻng eʼtiborsizlik va qarovsizlik tufayli uzoq vaqt faoliyat ishlamadi. Istirohat bogʻi davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida tadbirkorga berilgach, qisqa vaqt ichida keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borildi. Bogʻ hududida obodonlashtirildi, yangi attraksionlar oʻrnatildi hamda xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Qadrdon maskan yana oʻz ishini boshlayotgani munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda oilaviy tashrif buyurgan mehmonlar, bolajonlar uchun yutuqli va qiziqarli oʻyinlar tashkil etildi.

Shuningdek, estrada yulduzlari, yosh sanʼatkorlar va xalq badiiy jamoalari ishtirokida katta konsert dasturi uyushtirilib, qadrdon kuy-qoʻshiqlar va mumtoz navolar jarang sochdi. Bayram shukuhi barchaga olam-olam taassurotlar ulashdi.

Soʻxlik nuroniylar ezgu maqsad ijobati uchun fidoyilik koʻrsatgan tadbirkor Jamshed Aslonovni duo qildilar. Oʻz navbatida tadbirkor yaqin istiqbolda istirohat bogʻi faoliyatini kengaytirish va qoʻshimcha xizmatlar koʻlamini oshirish bilan bogʻliq reja-maqsadlari haqida maʼlumot berdi. Xorijdan yangi attraksion oʻyinlari majmualarini olib kelish koʻzda tutilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

— Bogʻning ochilish marosimida oʻquvchilarimiz bilan ishtirok etib, rosa yayradik, — deydi soʻxlik yosh oʻqituvchi Mullojon Fayziddinov. — Fargʻona viloyatining eksklav hududida joylashgan Soʻxda yangi avlod vakillari uchun bu kabi zamonaviy sharoitlar yaratilgan hordiq maskanlari koʻpayishi eʼtiborga molik.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер