Soʻx endi yangicha qiyofada

19:35 14 Aprel 2026 Jamiyat
155 0

Soʻx vodiysi tabiatning bebaho xazinasi, togʻlar bagʻrida yashiringan maʼdanlarga boy. Bu zamindan qadim-qadimdan simob, surma, kumush, temir, mis va yana qanchadan-qancha qimmatbaho rudalar qazib olingan. Bir muddat Soʻx tumanida yashagan Zahiriddin Muhammad Bobur Tul qishlogʻi yaqinidan oʻtayotganda togʻ tepasida koʻprik qurdirgan. U koʻprik hozir ham “Bobur koʻprigi” nomi bilan mashhur. Bu koʻhna zaminda Boburburchak, Bobur namozgohi, Taxti Bobur kabi joy nomlari saqlanib qolgan.

Prezidentimiz rahbarligida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda ham Soʻxda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, oilalar farovonligini taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish borasida yechimini kutayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Ilgari Soʻx yetib borish qiyin, transport va logistika imkoniyatlari cheklangan, iqtisodiy aloqalari zaif hududlardan biri edi. Soʻnggi yillarda mintaqaviy hamkorlik va qatʼiy siyosiy iroda tufayli bu hududni kompleks rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Ichimlik suvi, ichki yoʻllarning taʼmirlanishi aholining yillab ushalmagan orzularini roʻyobga chiqardi. Chegaradan oʻtish tartiblari yengillashtirilgani ming yillik qoʻshnichilik aloqalarini tikladi. Bugun Soʻxning qaysi goʻshasiga bormang, zamonaviy bogʻcha, maktab, poliklinika, yangi uy-joylarning qurilishi ustidan chiqasiz.

– Davlatimiz rahbari koʻplab ijtimoiy masalalarni hal etishga alohida eʼtibor qaratgani ayni muddao boʻldi, – deydi Fargʻona davlat universiteti professori Hikmatillo Doʻstmatov. – Tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport hajmini viloyat koʻrsatkichlaridan sezilarli darajada orqada qoldirmaslik maqsadida 40 million dollar investitsiya jalb qilish hamda 15 million dollarlik eksportni taʼminlash vazifasi qoʻyilgani eʼtiborga molikdir. Turizm, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjalik sohalarida ham keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilishi shu paytgacha soʻxliklarning ushalmas orzusi edi.

Soʻxda yetishtirilgan kartoshka tumanning “tashrif qogʻozi”ga aylangan. Ezgu tashabbuslar doirasida “Ozod” va “Soʻx” xoʻjaliklariga qarashli 100 gektar maydonda kartoshka yetishtirish loyihalari taklif etilayotgani bu boradagi yutuqlar salmogʻini oshirishga xizmat qiladi.

— Shu kunlarda Niderlandiyadan intensiv usulda yetishtiriladigan yangi kartoshka navlarini olib keldik, — deydi “Ozod” xoʻjaligi rahbari Musaboy Sotivoldiyev.— Ushbu tarmoq yaxshi rivojlangan xorij mamlakatlaridan 300 ming dona kartoshka tuganaklarini ham amaliyotda sinayapmiz. Ilmiy-amaliy tajribalar orqali serhosil, eksportbop va mahalliy iqlim sharoitiga mos istiqbolli navlar tanlab olyapmiz.

Taʼkidlash oʻrinliki, yangi yerlar oʻzlashtirilib, suv chiqarilishi natijasida asrlar davomida qarovsiz yotgan dasht va adirliklar oʻzlashtirilmoqda. Qayroq, Javpaya singari massivlarda koʻkka boʻy choʻzayotgan mevali bogʻlar qishloq xoʻjaligiga kiritilayotgan investitsiya va sidqidildan qilinayotgan mehnat samarasidir.

— Javpayadagi xalq tilida Osh togʻi, Qizil togʻ deya ataluvchi qoya-toshlar saltanati yashil goʻzallikka burkanmoqda, — deydi soʻxlik tadbirkor Jahongir Sobirov. — Biz ham yosh oilalar uchun ajratilgan yerda mevali bogʻ tashkil etdik. Yaqin yillarda ushbu hududlarda yoshlarning intensiv bogʻlari oʻz mevalarini beradi.

Ayni paytda “Mulgon” va “Sebzor” MFYsi “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasi kirib borishi uchun olamshumul ishlar boʻsagʻasida turibdi. 24/7 rejimida ishlovchi xizmat koʻrsatish obyektlari, tunda ham charogʻon koʻchalar, elektr va ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanishi, yil yakunida ramziy maʼnoda “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” stelasi oʻrnatilishi bu maskanlarning qiyofasini butunlay oʻzgartiradi. Malbud massivida 35 gektar yerdagi sanoat markazi ham zamonaviy infratuzilmaga ega boʻladi. Qayroq massividagi 425 gektar yerda intensiv bogʻ hamda 30 gektar adirlikda Damashq atirguli plantatsiyasi tashkil etiladi. Beshta mahallani bogʻlovchi Obishirsoy sohili boʻyida xizmat koʻrsatish va savdo obyektlari qad rostlaydi. Mulgon va Saribozorcha mahallasida – “Buloqlar parki” barpo etilib, hududning ekologik va turistik jozibadorligi oshadi.

Shu tariqa bu yil tumanga 25 ming nafardan ziyod mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etish maqsad qilingan. Xizmatlar koʻlamini oshirish uchun Seyako massividagi daryo boʻyida 15 gektar maydonda 30 ta baliqchilik klasteri tashkil etilmoqda. Buning uchun 1 km daryo qirgʻogʻi mustahkamlanib, 3 km avtomobil yoʻli qurib bitkaziladi. Forel baligʻi yetishtirish va qayta ishlashni nazarda tutuvchi loyiha qiymati 3 mln dollarni tashkil etadi.

Soʻxda barkamol avlod orzusi yoʻlida olib borilayotgan ishlar ham eʼtiborga loyiq. Hozirgi kunda 24 ming nafar tuman yoshlari sportning u yoki bu turi bilan shugʻullanadi, ular orasida chempionlar ham koʻp. Tumanda 3 ta kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish markazi samarali ishlayapti. “Bir million sunʼiy intellekt yetakchisi” loyihasi doirasida joriy yilning oʻzida 500 nafar soʻxlik yigit-qizlar oʻqitiladi. Bunday saʼy-harakatlar orqali yil yakunida tumanda kambagʻallik darajasi 4,7, ishsizlik koʻrsatkichi 4,3 foizga tushishiga erishiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер