Sogʻliqni saqlash vazirligi: Koronavirus infeksiyasining oldini olishda nazorat kuchaytirilgan

22:42 06 Mart 2020 Jamiyat
1101 0

Arxiv surat

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Unda Favqulodda vaziyatlar, Sogʻliqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi kabi qator mutasaddi tashkilotlar, ularning hududiy boshqarma boshliqlari ishtirok etishdi.

Yigʻilishda Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov koronavirus infeksiyasining Oʻzbekistonga chetdan kirib kelishining oldini olish boʻyicha tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar va belgilangan chora — tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, jahondagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtimizda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktlarida qatʼiy nazorat oʻrnatish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralarining yana-da hushyorligini oshirish va tezkor ehtiyot choralarini koʻrish masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Boʻlib oʻtgan videoselektorda chegara-bojxona postlariga qoʻshimcha ravishda tegishli soha mutaxassislarini ajratib, ular tomonidan kasallik qayd etilgan mamlakatlar bilan bir qatorda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan fuqarolarni yashash manzillarini aniq belgilab, ularni uyda yoki yotoq joylarida 14 kunlik karantinga olish tadbirlari qatʼiy olib borilayotganligi taʼkidlandi.

Eslatib oʻtamiz, shu kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq biror holat qayd etilmadi. Yurtimizda ushbu infeksiyaga qarshi zarur barcha ehtiyot choralari koʻrilmoqda. Nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan. Shuning uchun vazirlik aholidan ortiqcha xavotirga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalarga qatʼiy rioya qilib, oʻzini va yaqinlarini himoya qilishlarini, alohida zarurat boʻlmaganda esa xorijga vaqtinchalik chiqmasliklarini tavsiya qilib qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер