Sogʻliqni saqlash vazirining munosabati haqida

19:28 25 Dekabr 2019 Jamiyat
1199 0

Joriy yil 24-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining umumiy ovqatlanish korxonalari va taʼlim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda sogʻliqni saqlash vazirining mazkur masala yuzasidan axborot berishi koʻzda tutilgan boʻlishiga qaramasdan, vazirlik rahbariyati Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining rasmiy xatini (18.12.2019-yildagi 09-17/2549-sonli xat) eʼtiborsiz qoldirib, nomaʼlum sabablarga koʻra majlisda ishtirok etmadi.

Biroq, sogʻliqni saqlash vaziri A.Shadmanov ushbu holatni batafsil oʻrganmasdan, shu yil 25-dekabrda Bosh prokuraturada boʻlib oʻtgan yigʻilishda Senat Kengashining kengaytirilgan majlisida ishtirok etish uchun yozma taklif kelib tushmaganligini bildirgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Oliy Majlis Senatining tegishli Qoʻmitasi xati 2019-yil 20-dekabr kuni feldaloqa xizmati orqali yetkazilgan va shu kuni soat 11.45 da Sogʻliqni saqlash vazirligining masʼul xodimi tomonidan qabul qilib olingan.

Sogʻliqni saqlash vazirining mazkur xatti-harakatlari va vazirlikdagi ijro intizomini kuchaytirish choralarini koʻrish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli xat yuborildi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер