Sogʻliqni saqlash vaziri koronavirus sabab Oʻzbekistonda viza cheklovi oʻrnatilishi kerakmi, degan savolga javob berdi

20:25 30 Yanvar 2020 Jamiyat
1857 0

Yangi turdagi koronavirusning tarqalishi natijasida koʻplab davlatlar ehtiyot choralarini koʻrishni boshlagan. Epidemiya tarqalishining oldini olish uchun Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Moʻgʻuliston va Malayziya Xitoy bilan chegarasini yopdi. Yana qator davlatlar Xitoy fuqarolariga nisbatan viza cheklovlarini joriy etdi. Xoʻsh, Oʻzbekiston bunday vaziyatda qanday yoʻl tutadi? Biz ham chegaralarni yopishimiz kerakmi? Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov mazkur savolga javob berdi:

– Mazkur koronavirusga qarshi kurash doirasida biz nafaqat Xitoydan keluvchilar, balki barcha yoʻnalishlardan davlatimiz hududiga kirib keluvchi yoʻlovchilarni qatʼiy nazoratdan oʻtkazayapmiz. Chegara punktlari teplovizorlar bilan jihozlangan, virus tashishi mumkin boʻlgan mahsulotlar jiddiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Aynan virus tarqalgani qayd etilgan hududlardan tashrif buyuruvchilar va kasallikning har qanday belgisi kuzatilgan fuqarolar alohida nazoratga olinadi. Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida hududga koʻra alohida oʻrinlarni shay holda tayyorlab qoʻyganmiz, zarur dori-darmon zaxiralari yaratilgan.

Endi chegarani yopish masalasiga kelsak, bu chorani qoʻllash vazirligimiz vakolatida emas. Ammo bu borada oʻz fikrimni aytadigan boʻlsam, ayni paytda, yaʼni 30-yanvar holatida mamlakatimiz hududida bunday kasallikka chalinish holati birorta ham kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini koʻrishimiz lozim. Shaxsan oʻzim yurtimiz fuqarolarining Xitoyga borishini cheklash bilan bir qatorda, xitoyliklar va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining ushbu mamlakatdan yurtimizga kirib kelishini vaqtinchalik cheklash tarafdoriman. Chunki, ushbu virusning havo-tomchi yoʻli bilan oʻtishi, odamdan odamga yuqishi, bundan tashqari, kasallik belgilarining yashirin davri 14 kun davom etishi kasallik tarqalish xavfini keskin oshiradi.

Qolaversa, hatto tibbiyoti rivojlangan AQSH, qator Yevropa davlatlari, Osiyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida ham bu kasallik kuzatilayotganligi vaziyatning naqadar jiddiyligini koʻrsatib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер