“Soʻgʻdiyona”dan gʻalaba, “Nasaf”dan durang
Kecha, 13-aprel kuni futbol boʻyicha Oʻzbekiston Superligasining 7-tur oʻyinlari davom ettirildi. Kun doirasidan oʻrin olgan dastlabki bahsda “Nasaf” klubi “Buxoro” bilan kuch sinashdi.
Uchrashuv 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Gollarga “Nasaf”dan Zafarmurod Abdurahmatov, “Buxoro”dan esa Timur Mamasiddiqov mualliflik qildi. Shuningdek, 83-daqiqada “ajdarlar“ sardori Umar Eshmurodovga qizil kartochka koʻrsatildi.
Kunning ikkinchi oʻyinida “Paxtakor” jamoasi oʻz maydonida “Mashʼal”ni qabul qildi. Uchrashuv mezbonlarning 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda dastlab birinchi boʻlimning 40-daqiqasida Flamarion hisobni ochdi. 45+2 daqiqada esa mehmonlar aʼzosi Shahboz Joʻrayev oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Birinchi boʻlim 2:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimda Shahboz Joʻrayev endi “Paxtakor” darvozasiga ham 1 ta toʻp kiritishni uddaladi. Shu tariqa oʻyin 2:1 hisobida yakunlandi.
Kunni yakunlab bergan toʻqnashuvda esa “Soʻgʻdiyona” jamoasi Navoiydan gʻalaba bilan qaytdi. Uchrashuvda hisob 29-daqiqada Lyupcho Doriyev tomonidan ochildi. 41-daqiqada Faysal Mulich jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 61-daqiqasida Otabek Joʻraqoʻziyev “Soʻgʻdiyona”ning uchinchi golini kiritdi. 71-daqiqada Samandar Shukurillayev hisobni bittaga qisqartirdi. Shu tariqa oʻyin Ulugʻbek Baqoyev jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring